O‘zbekiston tarixidagi ilk kashshof ayollar
O‘zbekiston tarixidagi ilk kashshof ayollar
Xalqaro xotin-qizlar kuni – ayollarning professional yutuqlarini eslash fursati. “Gazeta.uz” O‘zbekiston tarixida o‘z kasbining kashshoflari bo‘lgan olti nafar ayol haqida hikoya qiladi.
Xalqaro xotin-qizlar kuni – ayollarning professional yutuqlarini eslash fursati. “Gazeta.uz” O‘zbekiston tarixida o‘z kasbining kashshoflari bo‘lgan olti nafar ayol haqida hikoya qiladi.
O‘zbekistonda Xalqaro xotin-qizlar kuni odatda gullar, sovg‘alar va konsertlar bilan nishonlanadi. Ko‘pgina mamlakatlarda esa bu kunda anʼanaviy birdamlik aksiyalari, ayollarga nisbatan kamsitishlarga qarshi va tenglikni talab qiluvchi yurishlar o‘tkaziladi. Odatiylikka o‘zgacha ruh bag‘ishlash maqsadida O‘zbekiston tarixida o‘z kasbi, o‘z sohasiga birinchilardan bo‘lib qadam bosgan ilk kashshof ayollar haqidagi maʼlumotlarni jamlashga qaror qildik. Aytish joizki, ularning har biri o‘z kasbiy sohasining rivojlanishiga katta taʼsir ko‘rsatgan. Keling, ularning taqdiri haqida so‘z yuritaylik.
Nozimaxonim
(1870–1924)
Birinchi ayol publitsist, jadidchilik davri jurnalisti
«U tabiatan adolatsizlikka ayovsiz edi». Tadqiqotchi Marhamat Alimova o‘zining «O‘zbekiston matbuotida ayollar tarixi» asarida Nozimaxonim xarakterini mana shunday ochib bergan.

Nozimaxonim Beshag‘ochda tavallud topgan va keyinchalik birinchi ayol publitsist bo‘lib yetishib chiqqan. U ilmu urfon muhitida o‘sgan. Otasi Mulla Said Ahmad ziyolilar namoyandasi bo‘lib, qizini avval eski uslubdagi maktabda (islomiy — tahr.), so‘ngra rus millatiga mansub qizlar maktabida o‘qitgan. Arab, fors, tatar va rus tillarini o‘rgangan.

Tarixchi Begali Qosimovning yozishicha, Nozimaxon O‘zbekiston ayollarining jamiyatdagi rolini erkinlashtirishga intilgani bilan katta iz qoldirgan. Shoiraning sheʼr va maqolalari yuksak saviyada, lirik uslubda yozilgan. O‘z ijod namunalarida u ayollarning bilim olish va Turkistonning jamoat hayotida ishtirok etish huquqini himoya qildi, shuningdek, oilaviy munosabatlardagi tengsizlikni shubha ostiga oldi.

“Taraqqiy” gazetasida eʼlon qilingan “Afsus” sheʼrida “Zulm kechasi o‘tgani naqadar yaxshi”, deb umid bildirdi.

1915-yilda Nozimaxonimning yuzi ochiq bo‘lgan ayollar fohishaga tenglashtirilgan «Xotin-qizlarni pardada saqlash haqida»gi sheʼrga javob tariqasida yozilgan sheʼri chop etiladi. Unda, jumladan, quyidagi satrlar o‘rin olgan edi:

«
Yetar, baskim, biza behad balo sangi nasib o‘ldi,
«Zaifu notavon»lar deb, biza qullik nasib o‘ldi.
Ki ul zulmatni timsoli chodir-chimmat nasib o‘ldi,
Asrlar eltgon ul bidʼat uyqusindin uyg‘oning!...

Yetar bo‘hton, haqorat biz «zaifu notavon»larga,
Javobi loyiqi bersak, aningdek badavolarga.
Ilmdin bas, qanot aylab, qilib parvoz havolarga,
Asrlar eltgon ul g‘aflat uyqusidin uyg‘oning!

»
реклама
реклама
Nozimaxonimning ijod namunalari bir qancha jadid nashrlarida chop etilgan. Biroq 20 dan sal ko‘proq misrasi saqlanib qolgan, deb yozadi Begali Qosimov.

Nozimaxonim jurnalistlik faoliyati bilan bir qatorda otin (qizlarga dars bergan muallimlar, Qurʼon qoriyalari deb ataladiganlar — tahr.) ham edi. Shoira va publitsist bor-yo‘g‘i 54 yil umr kechirgan.
Sobira Xoldorova
1907-yilda tug‘ilgan. Vafot etgan yili nomaʼlum.
Jurnalist maʼlumotiga ega ilk ayol
Sobira Xoldorova Nozimaxonimdan farqli o‘laroq, professional jurnalistik taʼlim oldi. O‘zbek milliy matbuotiga asos solgan jadidchilarning aksariyati publitsistika fanidan chuqur bilimga ega emas edilar, biroq shogirdlari, jumladan, Xoldorova haqida bunday deb bo‘lmaydi.

Chustda tavallud topgan Sobira 13 yoshida bolalar uyiga tushib, olti oyda savodxonlik kursini tamomlaydi. Oradan bir yil o‘tgach, Sobira paranji kiyib, Qo‘qon mahallalarida dars bera boshlaydi. 1923-1925-yillarda «Xotin-qizlar bilim yurti» institutida pedagogika kurslarida tahsil oladi. Sobira Xoldorova sovetlarning «Yangi yo‘l» gazetasi muharrirlaridan biriga aylanganida endigina 17 yoshda edi.
1924-yil 3-noyabrda eski Toshkentda ayollarning tengsizlikka qarshi namoyishi bo‘lib o‘tadi. O‘sha kuni Sobira Xoldorova namoyishkorona ro‘molini yechadi va Kommunistik partiyaga aʼzo bo‘ladi. Bu kun nafaqat ommaviy norozilik, balki uning to‘y kuni sifatida ham esda qoladi. Sobira o‘z davrining ziyolisi Saidahmad Nazarovga turmushga chiqadi. To‘y internatsionalizm ruhida o‘tadi.

Shu lahzalardan Sobira Xoldorovaning karyerasi yuqorilashni boshlaydi. U kunduzi nashrda ishlagan, kechqurunlari dars bergan. Sotsializm ruhida chiqqan «Yangi yo‘l» gazetasi uchun Xoldorova qizlar va qizlarning taʼlim-tarbiyasi, paranjidan voz kechish, ishga borish, konservativ qarashlarga qarshi kurash haqida yozgan.

1926-yilda Sobira jurnalistika bo‘yicha o‘qish va tajriba orttirish zarurligini sezadi. O‘sha vaqtlarda O‘zbekiston Kompartiyasi va Markaziy Qo‘mitasi 23 va undan katta yoshdagi yoshlardan iborat delegatsiyani Moskvaga o‘qishga yuborish masalasini ko‘rib chiqayotgan edi. Aksiga olib, Sobira endigina 20 yoshga to‘lgan edi. Uning ustiga qo‘lida ikki yoshli o‘g‘li ham bor edi. Kommunistik partiya istisno qilib, Xoldorovani Moskvaga Davlat jurnalistika institutiga o‘qishga yubordi. U o‘g‘lini qaynonasiga qoldirdi, turmush o‘rtog‘i ham u bilan ketdi.

Sobira o‘z xotiralarida Moskvaga borganini shunday tasvirlagan:

«
«Nadejda Krupskaya (davlat va madaniyat arbobi, Vladimir Leninning rafiqasi — tahr.) men bilan uchrashib, o‘g‘limni O‘zbekistonda qoldirganimni bilgach, mendan so‘radi: “Endi bu yerdan qochib ketmaysizmi?” Ruscha-o‘zbekcha aralashtirib, oliy maʼlumotsiz Moskvadan ketmayman, deb javob berdim».

»
Sobira Xoldorova O‘zbekiston SSRda jurnalistika bo‘yicha taʼlim olgan birinchi ayol bo‘ldi.

1920-yillarning oxiri — 30-yillarning boshlari Xoldorovaning karyera o‘sishini belgilab berdi. O‘zbekistonga qaytgach, «Yangi yo‘l» gazetasining bosh muharriri bo‘ldi va O‘zbekiston ijtimoiy hayotida faol ishtirok etdi. 1930-yilda u Markaziy Qo‘mita raisining Ommaviy tashviqot bo‘yicha o‘rinbosari, ayollar va qizlar bilan ishlash sektori mudiri etib tayinlandi.

O‘zbek ziyolilarining boshqa vakillari qatori Sobira Xoldorovaga bo‘lgan munosabat ham 1936-yilda o‘zgardi. Oradan bir yil o‘tib, Sobira onasi va ikki farzandi — 12 yoshli o‘g‘li va 5 yoshli qizi bilan ikki soat ichida zarur narsalarni yig‘ib, uylarini tark etishdi va kichik bir kvartiraga ko‘chib o‘tishdi. Oradan bir necha kun o‘tib, ularning xonadonlari eshigi oldida «Cherniy voronok» («Qora qarg‘a») mashinasi paydo bo‘lib, Sobirani bolalari bilan birga olib ketdi. Jurnalist «sinfiy ongni yo‘qotish va intellektual inqilobiy harakatga aloqadorlikda» ayblangan, deb yozadi Marhamat Alimova. Sobira keyingi yillarini qamoqda, Sibirda surgunda o‘tkazdi va u yerda qizini tarbiyaladi. O‘g‘lining taqdiri nomaʼlum.

Sobira Xoldorova 1950-yillarda oqlanadi. Vatanga qaytgach, unga ikki xonali kvartira beriladi, matbuotga ishga qaytadi.
Bashorat Mirboboyeva
(1916–2010)
birinchi o‘zbek mashinist ayoli, parashyutda sakragan ilk ayol
Bashorat Mirboboyeva haqida juda kam narsa maʼlum. U “Ogonyok” (“Alanga”) jurnalidagi maqoladan so‘ng yulduz bo‘lib porladi. Fotosuratli yangilik 1951 yilda nashr etilgan. Rasmda professional mashinist formasini kiygan Bashorat jilmayib turibdi. Ortida esa ikkita temir yo‘l vagoni turibdi.

Bashorat Mirboboyeva Verniy (hozirgi Olmaota — tahr.) shahrida tug‘ilgan. Uning qanday qilib O‘zbekistonga ko‘chib kelgani nomaʼlum, biroq 1937 yilda mashinist bo‘lib ishlay boshlagan va O‘zbekistonda bu kasbni egallagan birinchi ayol bo‘lgan. Uning ustozi sovet uchuvchisi Abdusamat Taymetov edi.
Bashorat Mirboboyeva 25 yoshda
Foto: Kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi
1941-yilda Bashorat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni front hududiga yetkazib bera boshladi.
1941-yil 29-dekabrda Mirboboyeva O‘zbekiston SSR hukumati rahbari Yo‘ldosh Oxunboboyev bilan birga delegatsiyani Janubi-g‘arbiy frontga yetkazdi. Keyinchalik u SSSRda xizmat ko‘rsatgan temir yo‘l xodimasi, O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan jismoniy tarbiya va sport xodimasi unvonlariga sazovor bo‘ldi.

Urushdan keyin SSSR va O‘zSSR Oliy Kengashi deputati bo‘ldi. Bashorat Mirboboyeva 94 yoshida vafot etdi.
Zulfiya Umidova
(1897–1980)
birinchi ayol shifokor, tibbiyot fanlari doktori
Zulfiya Umidovaning shogirdlari va izdoshlari shifokor 1946-1969-yillarda rahbarlik qilgan Gospital terapevtik poliklinikasida namunali tartib, intizom va ozodalik hukm surganini eslaydilar.

Zulfiya Ibragimovna 1897-yilda Toshkent shahrida harbiy xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Oktyabr inqilobi yilida Petrograd ayollar tibbiyot institutida o‘qishni boshladi, ammo uning qanday qilib Sankt-Peterburgga ko‘chib o‘tgani nomaʼlum. 1918-1920-yillarda Toshkentdagi Qizil armiya safida evakuatsiya gospitalida ishlagan.
реклама
реклама
Zulfiya Umidova butun umr ilm va amaliyotni uyg‘unlashtirgan. 1922-yilda O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning davolash fakultetini tugatib, Toshkent tibbiyot institutiga ishga kiradi. Assistentlikdan tibbiyot fanlari doktori darajasiga ko‘tariladi.

Zulfiya O‘zbekiston SSRda yurak-qon tomir kasalliklarining tarqalish xususiyatlarini birinchilardan bo‘lib o‘rgandi. Olim doktorlik dissertatsiyasida Toshkentning issiq iqlimining inson yurak-qon tomir tizimiga taʼsiri va miokard infarkti klinikasi xususiyatlarini o‘rgangan. 1966-yildagi voqea uni zilzilaning gipertonik kasalliklar kechishiga taʼsirini o‘rganishga undadi.
Ilmiy faoliyati davomida doktor 80 ta maqola yozgan, 32 ta nomzodlik va 3 ta doktorlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilgan.
Yodgor Nasriddinova
(1920–2006)
O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi
1970-yillarda Yodgor Nasriddinova mamlakatda Sharof Rashidovdan keyingi ikkinchi shaxs bo‘lgan, biroq siyosiy intrigalar va «Paxta ishi» tufayli siyosatchining karyerasi qanchalik tez surʼatlarda o‘sgan bo‘lsa, shuncha tez quladi.

Yodgor yetim bo‘lib tug‘ilgani uchun shunday ismni olgan. Otasi — yuk tashuvchi — o‘pka shamollashi tufayli olamdan o‘tganida qiz hali onasining qornida edi. Yodgor (Qo‘qonda) tug‘ilganda onasi endigina 13 yoshda edi. Birinchi eri vafotidan keyin u ikkinchi marta turmushga chiqadi. Eri giyohvand bo‘lib qoladi. 2005-yilda bergan intervyusida Yodgor bir kuni o‘gay otasi uni qo‘lidan ushlab, tashqariga olib chiqqani va yo‘l chetida yolg‘iz tashlab ketganini eslaydi. Shunday qilib, u begona insonlarning uyiga tushib qoladi. O‘shanda u 6 yoshda edi.

«
11 yoshimgacha qo‘ldan-qo‘lga o‘tib ketdim: bir oila olib ketar, keyin boshqasi.

2005-yildagi intervyudan.

»
1931-yil Yodgor uchun burilish davri bo‘ldi. U Qo‘qondagi birinchi mehribonlik uyiga tayinlangan va u yerda qizaloq o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 1936-yilda Toshkent temir yo‘l transporti institutining ishchi fakultetiga o‘qishga kiradi. OTMni tamomlashidan oldin Yodgor Stalin stipendiyasini oladi.

Talabalik yillarida Katta Farg‘ona kanali, Kattaqo‘rg‘on suv ombori, Toshkent-Angren temir yo‘li qurilishida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Yodgor ushbu muassasalarda rahbarlik lavozimida ishlagan yagona ayol edi. Bu yerda u O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Usmon Yusupov bilan uchrashdi va uni Toshkentga Lenin Kommunistik Yoshlar Ittifoqi Markaziy Qo‘mitasi kotibi lavozimiga o‘tkazdi.
Yodgor Nasriddinova va Sharaf Rashidov haykal poyiga gul qo‘yishdi, 1970-yil
Foto: O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi.
Keyingi yillarda Yodgor mehribonlik uylari ochdi, evakuatsiya qilinganlarni joylashtirdi, ovqatlantirdi, kiyintirdi, tashkilotchilik qobiliyati bilan erkak hamkasblarini lol qoldirdi. 1959-yilda Sharaf Rashidov o‘rniga O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumi raisi etib tayinlandi. U O‘zbekistonda bunday lavozimni egallagan birinchi va yagona ayol bo‘ldi. Yodgor Nasriddinova o‘z ishiga shu qadar usta ediki, hatto bir marta Rashidov shunday degan: «Biz, erkaklar, bu masalani hal qila olmaymiz. Yodgor Sodiqovnaga ishonib topshiring».

«Qayta qurish» Yodgorni hayotiy qadriyatlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi. Unga nisbatan poraxo‘rlik ishi ochilib, 2,5 yil davomida so‘roq qilingan. 1988 yilda “Izvestiya” gazetasi «Paxta ishi» fonida Arkadiy Saxninning Yodgor Nasriddinovaning poraxo‘rlik va firibgarligi haqidagi “Korrupsiya” nomli maqolasi maqolasini chop etdi. Maqolada siyosatchi amnistiya to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha 23 mln rubl evaziga pora olgani aytilgan.
Oradan bir yil o‘tib Yodgorga jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli ish to‘xtatilgani haqida xat keladi. Tergov jarayonida u bir necha bor miokard infarktini boshdan kechirdi, qizi og‘ir qon tomir kasalligi bilan reanimatsiyaga yotqizildi, o‘g‘li esa tuhmatga chiday olmay 42 yoshida vafot etdi.

Shundan so‘ng Yodgorga xatlar yog‘di, ularda odamlar soxta xatlarga imzo chekishga majbur bo‘lganliklarini tan olishdi. Shulardan biriga ko‘ra, IIV xodimlari professor Guli Sulaymonovaga oila aʼzolarining sog‘lig‘i bilan tahdid qilgani aytiladi.

Yodgor Nasriddinova “Izvestiya”da chop etilgan javob xatida shunday yozadi: «Karyeramga, boshimdan yog‘dirishgan mukofot va sharaflariga laʼnatlar bo‘lsin». O‘zbekistonlik siyosatchi 2006-yilda Moskvada vafot etgan.
Nelya Ataullayeva
(1931–1974)
birinchi ayol hujjatli film rejissyori, aktrisa
«U har doim yana-da qiziqroq kadrlarni qidirardi. Buning uchun u qurilish kraniga chiqar, o‘tib bo‘lmaydigan jarliklarga tushardi. U doim g‘ayrioddiy narsalarni suratga olishga, kadrga poetik yechim topishga muvaffaq bo‘lardi». Rejissyor Mastura Isxoqova «Toshkent haqida maktublar»da chop etilgan deyarli yagona tarjimai holida Nelya Ataullayevaning ijodga mehrini shunday tasvirlagan.

Nelya Ataullayeva Toshkentda tug‘ilib o‘sgan. Uning onasi maktab o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan, otasi esa taʼlim sohasida davlat lavozimlarida mehnat qilgan. 1937-yilda, Stalin qatag‘onlari davrida oila qattiq zarbaga uchradi: Nelyaning otasi NKVD tomonidan xiyonatda gumonlanib hibsga olingan. U Nelya bilan singlisini oxirgi marta quchoqlab, tez orada qaytishga vaʼda beradi. Biroq vaʼdasini bajara olmadi. 1957-yilda oilaga uning otib tashlangani haqida xat keladi.

Otasi hibsga olinganidan keyin Neli oilasi doimiy ravishda ko‘chib yurishdi. Sovuq kunlarda otalaridan qolgan kitoblarni o‘qib isinishdi. Shunday kunlarning birida Nelya qatʼiyat bilan aktrisa bo‘lmoqchiligini eʼlon qildi. 1953-yilda Toshkent teatr va rassomlik institutiga o‘qishga kirdi. Talabalik yillarida u to‘rtta filmda, jumladan, “Yangi hovli”, “Oshiqlar” filmlarida suratga tushgan.
Neli Ataullayeva ishtirokidagi «Amirlikning qulashi» badiiy filmidan kadr, 1955-yil
Foto: “Kino-Teatr.ru”.
1956-yilda u Butunrossiya davlat kinematografiya universitetining (VGIK) rejissyorlik bo‘limiga o‘qishga kirdi. Universitet uchun tanlov har bir o‘ringa 100 kishidan iborat edi, deb yozadi Mastura Isxoqova. Shunday qilib, Nelya Ataullayeva o‘z faoliyatini hujjatli film rejissyori sifatida boshladi.

Uning ilk filmi ayollarga bag‘ishlangan: shoira Zulfiya, professor Irina Raykova, tibbiyot fanlari doktori Zulfiya Umidova va mashinist Bashorat Mirbobayeva. Faoliyati davomida u 20 ga yaqin hujjatli filmlar suratga olgan.
Neli Ataullayeva ishtirokidagi «Amirlikning qulashi» badiiy filmidan kadr, 1955-yil
Foto: “Kino-Teatr.ru”.
1974-yilning bahorida Neli Ataulleva O‘zbekiston tashkil topganining 50 yilligiga bag‘ishlab hujjatli film suratga oldi. Buxoroda suratga olish paytida u qattiq shamollab qoldi. Sinov natijalari o‘pka saratonini ko‘rsatdi. Toshkent va Moskvadagi eng yaxshi shifokorlar ayolga yordam bera olmadilar, chunki kasallik juda kech aniqlangandi.

Hujjatli kino ijodkori 1974-yil 27-iyulda vafot etdi. U so‘nggi nafasini otasiga bag‘ishladi va bor kuchini to‘plab: “Dada ...”, dedi.
Materialni Jahongir Azimov tayyorladi.
Sanjar Said rus tilidan tarjima qildi.

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting