Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi ishchi guruhi 27−28 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyati hududidagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berish tizimini o‘rgandi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Hozirgi kunda Qoraqalpog‘istondagi 716 ta maktabning 143 688 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga keytering tizimida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan bepul nonushta berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, qo‘mita raisi Odiljon Iminov boshchiligidagi ishchi guruh Chimboy, Kegeyli, To‘rtko‘l hamda Qo‘ng‘irot tumanlaridagi 10 ga yaqin maktablardagi holatni o‘rgangan.

«O‘rganish jarayonida tadbirkorlar tomonidan keytering xizmati o‘z vaqtida sifatli ko‘rsatilayotgani, biroq oziq-ovqat yetkazib berish jarayonida ayrim befarqliklarga yo‘l qo‘yilayotgani aniqlandi», — deyiladi xabarda.

bepul oziq-ovqat, сенат, хоразм, қорақалпоғистон

Xususan, avvalroq Jo‘qorg‘i Kenges matbuot xizmati Kegeyli tumanidagi qator maktablarda o‘quvchilarga iste’molga yaroqsiz, zararkunandalar bilan zararlangan oziq-ovqat berilgani, ular yo‘lovchi transportida yetkazib berilgani haqida xabar bergandi.

Senat Chimboy va Kegeyli tumanlariga mahsulotlar keytering tashkiloti tomonidan yo‘lovchi tashuvchi Damas avtomashinalarida yetkazib berilayotganini aniqladi. Maktab direktorlari sifatsiz mahsulotlarni qabul qilib olgani uchun sanitariya va epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan jarimaga tortilgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, senator Manzura Salimova boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatidagi Gurlan, Shovot, Yangiariq tumanlari va Xiva shahridagi umumta’lim maktablariga yetkazib berilayotgan bepul oziq-ovqat mahsulotlari sifatini ko‘zdan kechirdi.

«O‘rganish davomida aniqlanishicha, yetkazib berilgan mahsulotlarni tarkibi va sifati ustidan nazoratni ta’minlash maqsadida tuzilgan maxsus komissiya vazifalari belgilab berilmagan. Mahsulotlar sifatini nazorat qilish jurnali yuritilmay kelmoqda. Qabul qilib olingan mahsulotlar qadog‘ida ishlab chiqarish muddati ko‘rsatilmagan holda qabul qilingan», — deyiladi xabarda.

bepul oziq-ovqat, сенат, хоразм, қорақалпоғистон

Bu borada senator tadbirkor va maktab mas’ullariga belgilangan tartib-qoidalarga qat’iy amal qilish, mahsulotlarning sanitariya va gigiyena talablariga rioya qilish kerakligi yuzasidan o‘z taklif hamda tavsiyalarini bildirgan.

Ta’kidlanishicha, Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga 2022 yilda budjet mablag‘lari hisobidan jami 58 mlrd 149,5 mln so‘m ajratilgan bo‘lib, shundan 47 mlrd 869 mln so‘mi ovqatlantirish xarajatlari uchun yo‘naltirilgan.

Mazkur masala qo‘mita majlisida muhokama qilish va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha eshituv o‘tkazish, taklif va tavsiyalar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

bepul oziq-ovqat, сенат, хоразм, қорақалпоғистон

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat yetkazib berish jarayoni prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga ko‘ra 2022 yilning fevral oyida boshlangandi. Bunda 2022 yil uchun mahalliy budjetdan 200 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Noyabr oyida Xorazmning deyarli barcha maktablarida bepul tushlik tarqatilayotgani, Qoraqalpog‘istonda esa bu amaliyot hali boshlanmagani xabar qilingandi.