O‘zbekiston Konstitutsiyaning o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilayotgan moddalari qatorida har bir insonning fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqi to‘g‘risidagi 29-moddasi ham mavjud. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev xabar berdi.

Hozirda 29-modda quyidagicha ko‘rinishga ega:

Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.

Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

Fraksiyalarda muhokamalardan o‘tkazilayotgan qonun loyihasiga asosan mazkur moddani quyidagicha o‘zgartirish taklif etilyapti:

Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.

Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

Davlat Internet tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatini, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi.

Spiker o‘rinbosari «fikr yuritishni cheklash mumkinligi bilan bog‘liq norma»ni noo‘rin deb atadi va shuning uchun chiqarib tashlanayotganini qayd etdi.

«Masalaga real qaralganida, fikr insonning ongostida yuzaga keladigan, egasining o‘zgadan boshqalarga „ko‘rinmas“ g‘oya. Uni amalda nazorat qilish, cheklash yoki ta’qiqlashning imkoni yo‘q», — dedi Odiljon Tojiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu masala o‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan mas’ul qo‘mitalar yig‘ilishida ham qizg‘in muhokama qilingan va aksariyat deputatlar taklif etilayotgan tahrirni ma’qullashlarini bildirgan.

Munosabatlar

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev «mantiqsiz cheklovning Konstitutsiyadan olib tashlanayotganini bugungi kundagi progressiv ishlardan biri», deb atadi.

Ta’lim sohasi mutaxassisi, «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov ushbu taklifga izoh berar ekan, u modda loyihasidagi so‘zlarning noaniqligiga ishora qildi.

««Xalq» deganda kim tushuniladi? Xalqning sog‘ligini kim va qanday vositalar bilan o‘lchaydi? Xalqning sog‘ligini qaysi axborotdan himoya qilish kerakligini kim va qaysi mezonlar asosida hal qiladi? Masalan, OAV, bloger, faol fuqaro (istalgan shaxs) davlat hokimiyati tarmoqlarining yoki organlarining biron-bir harakatini tanqid qilub chiqsa, bu axborot «xalqni asabiylashtirib, sog‘ligiga ziyon yetkazishi mumkin»ligi vaji bilan bunday axborotni taqiqlash mumkin bo‘ladimi? Masalan, hokim, sudya yoki deputat tanqid qilingan axborotni o‘sha tanqid qilinayotgan mansabdor «men ham xalqning vakiliman, bu axborot mening sog‘ligimga zarar yetkazyapti» deb (yoki, deylik, qarindoshlari orqali shunday shikoyat uyushtirib — axir, ular ham xalqning vakiliku?) oldirib tashlashi mumkin bo‘ladimi?», — dedi u.

«Xalqning «ma’naviyati» deganda nima tushunilyapti? O‘zbekiston ko‘p millatli (poliyetnik) davlat ekanligini va bir etnos vakilining «ma’naviyati»ga to‘g‘ri kelmaydigan narsani boshqa etnos vakili oddiy holat sifatida qabul qilishi mumkinligi, hatto bitta etnos vakillari orasida ham «ma’naviyat» nima ekanligi haqida turli fikrlar bo‘lishi mumkinligini inkor qilyapmizmi? («Madaniyat va ma’rifat» kanalidagi yaqinda shov-shuv bo‘lgan ko‘rsatuv bunga yaqqol misol.) Shunday «ma’naviyat» davlat mafkurasi sifatida e’lon qilinadimi? Konstitusiyadagi «fikrlar, qarashlar xilma-xilligi» haqidagi modda (18-modda) nima bo‘ladi shunda?», — dedi Komil Jalilov.

Uning fikricha, yuridik hujjatlarda, yuridik hujjat bo‘lib turib ham davlatning asosiy qonuni — Konstitutsiyaga «xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyati» singari amorf tushunchalar asosida axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklash mumkinligini belgilash — senzurani qonuniylashtirishdir.