2022 yilda chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan 43 nafar bola O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda 7 mart kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova ma’lum qildi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan bolalarni O‘zbekistonga qaytarishda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik qilingan. Xususan, bir yil davomida Rossiyadan jami 37 nafar, Qozog‘istondan 4 nafar, Turkiyadan 2 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarib olib kelingan.

Shuningdek, yil davomida Rossiya va Qozog‘iston Bola huquqlari bo‘yicha vakillari tomonidan 15 ta murojaat qabul qilinib, barchasi ijobiy hal etilgan.

Ta’kidalanishicha, O‘zbekistonning bolalar va ayollarni nizoli hududlardan olib kelish va ularni jamiyatga moslashtirish tajribasini o‘rganish maqsadida mamlakatga Qirg‘iziston, Turmaniston, Maldiv davlatlarining delegatsiyalari tashrif buyurgan.

2021−2022 yillarda jami ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan 21 ta bolalar muassasasi faoliyati tugatilgan. Hozirda respublika bo‘yicha 139 ta oilaviy bolalar uyi tashkil etilgan, ularda 822 nafar bola tarbiyalanmoqda.