7 mart kuni Toshkentda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar maxsus vakillarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati. Tadbirda O‘zbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Afg‘onistondagi mavjud vaziyat muhokama qilindi. Asosiy e’tibor ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini tezkorlik bilan ko‘rsatish, Afg‘onistonni mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik jarayonlariga faolroq jalb etish, shuningdek, Kobulning yangi hukumati tomonidan afg‘on ayollariga nisbatan ularning huquqlarini cheklovchi choralarni qayta ko‘rib chiqishga qaratildi.

Tomonlar afg‘on ayollarining mehnat va ta’lim olish huquqini ta’minlash Afg‘oniston yangi jamiyatining ajralmas qismiga aylanishi, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni yakuniy qaror toptirishga hissa qo‘shishi kerakligini ta’kidladilar.

Delegatsiyalar O‘zbekistonning BMT shafeligida tomonlarning o‘z majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarishga qaratilgan algoritmni tayyorlash va Afg‘oniston hukumati bilan kelishish uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini ijobiy qayd etdilar.

Ishtirokchilar Afg‘onistonda joylashgan barcha terrorchilik guruhlari mintaqaviy va global xavfsizlikka jiddiy tahdid solishda davom etayotganini ta’kidlab, amaldagi de-fakto afg‘on hukumatini mamlakatdagi terrorchilik guruhlarini yo‘q qilish bo‘yicha yanada samaraliroq choralar ko‘rishga qat’iy chaqirdilar.

Tomonlar Afg‘oniston muvaqqat hukumatining narkotik tahdidi kuchayib ketishining oldini olish, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va noqonuniy aylanishiga qarshi kurashni faollashtirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rishda davom etishi muhimligini ta’kidladilar.

Tadbirda Tunsin Deklaratsiyasiga muvofiq Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlarining 4-yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.