Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi 74 yillik tarixga ega markaziy kutubxona faoliyati tugatilayotgani, bino kimoshdi savdosida sotib yuborilgani, u yerdagi xodimlar ishsiz qolgani haqida murojaat e’lon qilindi.

Anastasiya Pavlenkoning yozishicha, kutubxona 1991 yilda 50 ming jildli ilmiy-texnikaviy, tarixiy, badiiy va boshqa adabiyotlardan iborat fondga ega bo‘lgan. Hozirga kelib, 17 ming kitob makulaturaga, qolgani esa Samarqand davlat arxitektura va qurilish universitetiga yuborilgan.

kutubxona, самарқанд

kutubxona, самарқанд

«Makulaturaga yuboriladigan kitoblar nafaqat ijtimoiy-siyosiy xarakterdagi kitoblar, balki rus va o‘zbek tilidagi texnik mutaxassisliklar, matematika, fizika, geografiya, biologiya fanlariga oid yuzlab qimmatli kitoblarni shunchaki chiqarib tashlanmoqda, ularning birgina aybi 1976 yilgacha chop etilgani! O‘zi butun dunyoda kitob qancha qadimlashsa, shuncha qadri yuqorilashishi, uni yanada ko‘proq avaylab saqlanishi sir emas, bizda esa shunchaki bunday boyliklarni yo‘q qilib qo‘yaqolamiz. Endi shuncha kitob fondilik Bulung‘ur markaziy kutubxonasi yo‘qotilgach, undagi 5 xodim ham ishsiz qoladi, mas’ullar esa tumanga 13 ming kitob fondilik axborot resurs baza bilan xalqi ovutishmoqchi, 13 minglik ARM qayerdayu, 74 yillik markaziy kutubxona qayerda?» — deb yozadi Respublika ta’lim markazi direktor o‘rinbosari, bloger Isroil Tillaboyev.

Pedagog, shuningdek, kutubxonalarni buzishga, tugatishga, tadbirkorga berib yuborishga moratoriy joriy etishni so‘radi.

Kun.uz xabariga ko‘ra, ushbu kutubxona 2006 yil 20 iyundagi prezident qarori, Samarqand viloyati hokimining 2006 yil 26 iyundagi va Bulung‘ur tumani hokimining 2006 yil 21 avgustdagi qarorlariga asosan Samarqand davlat arxitektura va qurilish universiteti balansiga bepul o‘tkazib berilgan.

kutubxona, самарқанд

kutubxona, самарқанд

Kutubxona binosi ye-auksion.uz sayti orqali 4777030-sonli lot bilan savdoga qo‘yilgan va 2023 yilning 16 fevralida 996 126 400 so‘mga sotilgan.

Tuman hokimligi universitetga kutubxonani tuman hududida saqlab qolish taklifini berganini aytmoqda. Biroq oliygoh ma’muriyati mazkur filialni institut hududida qayta tashkil qilib, kutubxona xodimlarining bandligini ta’minlashni ma’lum qilgan. Tuman hududidan ijara asosida bino ajratish taklifi berilganda institut ijara haqini to‘lab berish imkoni yo‘qligini bildirgan.

Universitet munosabati

Qayd etilishicha, Bulung‘ur tumanida joylashgan ARM filiali haqiqatan ham yaqingacha SamDAQU hisobida bo‘lgan.

Bir qavatdan iborat filial binosi asosiy devorlari xom g‘ishtdan qurilgani, bino poydevorlari cho‘kkani, tom yopmalari yaroqsiz holatga kelgani, pol va shiftlarning, shuningdek, eshik va romlar ham to‘liq ta’mirtalabligi, foydalanish muddati tugagani, bino yaroqsiz holatga kelgani, isitish tizimi ham qoniqarsizligi, mavjud binoni kapital ta’mirlash maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi tegishli tashkilotlarning xulosasi berilgan.

Yuqoridagi xulosalarga tayanib, universitet rahbariyati tomonidan filial binosini davlat-xususiy sherikchilik asosida qayta qurish maqsadida yuqori turuvchi tashkilotlarga rasmiy xatlar bilan murojaat etilgan.

Ushbu binoning holati qoniqarsiz ekanligi shu kunga qadar OAV vakillari tomonidan ham bir necha bor yoritilgan.

Bugungi kunda filial binosi universitet balansidan chiqarilgan. Ma’muriyat tuman hokimiyatidan kitoblarni saqlash va Bulung‘ur aholisi ushbu kitoblardan foydalanishlari uchun tuman hokimiyatidan amaliy yordam so‘ragan. Filialdagi bino xonalarining namligi o‘quv adabiyotlarni saqlash holatiga javob bermasligi tufayli tumanda axborot-kommunikatsiyalar markazi qurilgunga qadar adabiyotlar vaqtincha tuman tasarrufidagi boshqa binoga ko‘chirilmoqda.

Filial fondida jami kitoblar soni 30 242 dona bo‘lib, shundan yangi kitoblar soni 1141 donani tashkil etadi. Hozirda adabiyotlar inventarizatsiya qilinmoqda. Mavjud kitoblarning hech qaysi makulaturaga topshirilmaydi. SamDAQU barcha adabiyotlar saqlab qolinishini kafolatlaydi.

Shuningdek, Bulung‘ur ARM filialida shu kunga qadar 5 nafar (shtat bo‘yicha) kutubxonachi, 1 nafar farrosh, 1 nafar duradgor, 3 nafar qorovul faoliyat yuritib kelgan. Barcha xodimlarning shtatlari saqlangan, xodimlar o‘z ishini yo‘qotmagan.

Eslatib o‘tamiz, Andijonning Marhamat tumanidagi «Kelajak nuri» kutubxonasi elektrdan qarzdorligi ko‘payib ketgani uchun yopilgani aytilgandi. Hokimlik vaqtincha yopilishga yog‘ingarchilik sababli bino tomi ta’mirtalab holga kelgani, hozirda ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan.