Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda 5 yil ish tajribasiga ega bo‘lgan ayollar oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Vazirlik xabarlarning asossizligini bildirib, kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni OTMga imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tartib mavjud emasligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 9 iyundagi 322-son qaroriga muvofiq mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi tasdiqlangan. Mazkur tartib 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, ushbu toifadagi xotin-qizlarga jami alohida 500 ta bazaviy to‘lov-kontrakt asosidagi qo‘shimcha qabul parametrlari oliy ta’lim muassasalari kesimida ajratildi.

«Ushbu toifadagi xotin-qizlar ajratilgan qabul parametrlariga tanlovlarda ishtirok etishlari uchun dastlab Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lishlari lozim. So‘ng tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o‘tkaziladi», — deyiladi axborotda.

Imtihonda eng yuqori balning kamida 30 foizini to‘plab, ammo talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlar 500 ta bazaviy to‘lov-kontrakt asosidagi qo‘shimcha alohida qabul parametrlari doirasida, ballar ketma-ketligi bo‘yicha tanlovda qatnashadi.

2023/2024-o‘quv yilida ham kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar mazkur tartibga muvofiq kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi.