«Mushtum» jurnali 100 yoshga to‘lishi munosabati bilan «Gazeta.uz» 2023 yilning fevral oyi oxirigacha jurnal sahifalarida turli yillarda chop etilgan 10 materialni takror chiqarishga qaror qildi. Turkumning avvalgi materiali 25 fevral kuni berilgan. Navbatdagi material — A.Qambarov tomonidan 1974 yilda yozilgan «Benzin bozori» maqolasidir.

Benzin bozori

(Prokuratura, militsiya xodimlari o‘qimasin!)

Biz tushgan taksining benzin ko‘rsatkichi nolda edi. Haydovchisi esa zapravka qilinadigan joydan parvo qilmay o‘taverdi.

— Benzin tugabdi-ku…
— Ko‘rib turibman. Shuning uchun shoshilyapman-da.
— Zapravka joyi orqada qoldi-ku?!
— E-e. Arzon benzinni bozordan olamiz. Har odimda benzin bozori…

Mol bozori, gilam bozori, chayqov bozori borligini bilamanu, benzin bozorini endi ko‘rishim. Musorgskiy ko‘chasiga burildik. Bozor qizigan payt ekan. Katta ko‘chada 40−52 TNZ nomerli benzin tashuvchi mashinadan taksiga benzin sotilayotgan edi. Avvaliga bu yerda ko‘chma benzin zapravka ishga tushibdimi deb o‘yladim. Qarasam, neftbazadan benzin tashiydigan mashina ekan. Shofyorning ko‘zi olazarak, o‘g‘ri mushukdek hadiksirab turardi. Bir mashina kelib to‘xtadi. Haydovchisi kabinadan qo‘lini chiqarib, ikki barmog‘ini ko‘rsatdi.

benzin, муштум, муштум jurnali, муштум мақолалари, тарих

Bu sirli imo-ishoralar benzin bozoridagi olib-sotib turadigan shofyorlarga besh qo‘ldek ma’lum ekan. Ikki barmoq 72-benzinni, olti barmoq esa 66-benzinni anglatarkan. Benzin bozorini obdon ko‘rish ishtiyoqida taksiga javob berib yubordik. Fotoapparatni shaylab, Musorgskiy ko‘chasi bo‘ylab piyoda yura boshladik. Ozarbayjon ko‘chasining muyulishiga kelib ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan voqeaning guvohi bo‘ldik.

Bu yer har xil markali mashinalar bilan to‘lib ketgandi. Yo‘l harakati qoidalari qo‘pol ravishda buzilib, boshqa transport qatnoviga xalaqit berilardi. Benzinfurush shofyorlar ketsa hamyonimdan ketibdimi deb, mashina bakida benzinni to‘kib-sochib po‘choq bahosida boshqa mashinalarga pullashardi. Bir mahal 89−22 TND nomerli benzin tashiydigan mashina kelib to‘xtadi. Orqasidan turna qator bo‘lib kelayotgan mashinalar ham to‘xtashdi. Ular muyulishga sig‘may, ko‘chaning ichkarirog‘iga, bolalar bog‘chasi oldidagi yalanglikka yoyilib ketishdi.

benzin, муштум, муштум jurnali, муштум мақолалари, тарих

Shofyor kabinadan chiqib, mashinasining yag‘riniga «shap» etib urib qo‘ydi va ochiqchasiga benzinfurushlikni boshlab yubordi.

Bu ko‘chaga kunlik ishni kam bajarib, benzini ortib qolgan samosval haydovchilari ham uzluksiz kelib turishardi. Axir ortib qolgan benzinni to‘kib yuborgandan ko‘ra sariq chaqaga bo‘lsa ham pullash kerak-da. 19−61 TNZ nomerli samosval mashinasidan yosh bir yigit tushib, taksichilarga arzon narxda benzin ulashaverdi. Zapravka qilinayotgan benzobaklar benzinga to‘lib-toshib ketar, ariqchalar paydo qilib, pastlikka oqardi. Benzin bozorini qidirib ovorai-sarson bo‘lib yurishga ham hojat yo‘q. Chunki benzin hidi olis-olislargacha tarqalib turardi. Benzin bozorini bilmaganlar bilib olsin: bozorning eng markazi Ozarbayjon va Musorgskiy ko‘chalarining tutashgan joyidan boshlanadi. Bozor ertalab soat 10 dan kech soat 7 gacha ishlaydi. Tush paytida bozor eng avjiga chiqadi.

benzin, муштум, муштум jurnali, муштум мақолалари, тарих

Kimga arzon benzin kerak bo‘lsa, kelaversin, bu yog‘i dehqonchilik… Benzinfurushlar o‘z «govmushlari»ni sog‘ib sotayotgandek bemalol yurishibdi. Hech kim ularning bozorini yaqin orada kasod qiladiganga o‘xshamayapti. Yo‘qsa yangi-yangi benzinfurushlar paydo bo‘laverarmidi?!

Ammo Toshkent shahar Kirov hamda Kuybishev rayoni territoriyasida bu bozor davlat avtoinspeksiyasi xodimlarini haligacha qiziqtirmayapti, shekilli.

Shuningdek, respublika avtotransport ministrligiga qarashli 2505-avtokolonna boshliqlari va 1-oblastlararo avtotresti 8-avtobazasi ma’muriyati benzin sotib, kundalik ish normalarini «oshirib» bajarayotgan shofyorlarning bu qilig‘ini ko‘rsalar ham ko‘rmaslikka olib yuribdilar. Nega? Yoki buning biror siri bormikin?

Eng yomon balo shundaki, davlatning ming-ming tonnalab qimmat baho yoqilg‘isi shu xil yo‘llar bilan suv bo‘lib ketyapti. Buning evaziga kimlardir ayshu-ishrat qilyapti. Kimlardir boyib ketyapti.

A.Qambarov,
«Mushtum» jurnali, 1974 yil, 4-son