“Mushtum” jurnali 100 yoshga to‘lishi munosabati bilan “Gazeta.uz” 2023 yilning fevral oyi oxirigacha jurnal sahifalarida turli yillarda chop etilgan 10 materialni takror chiqarishga qaror qildi. Turkumning avvalgi materiali 23 fevral kuni berilgan. Navbatdagi material — A.Muhiddinov tomonidan 1974 yilda yozilgan hamda Toshkent kanallari va ariqlarining ifloslanishi masalasi ko‘tarilgan “Bo‘yoqli suvlar” maqolasidir.

Kaykovusning o‘ynoqlab oqishiga tikilib, tengqurlari bilan otamlashib o‘tirgan Mo‘min akaning kayfi uchdi. Nariroqda, Sobir Rahimov parkining chetida suvga qarmoq tashlab turgan Toshqinjon to‘satdan baqirib-chaqiraverdi:

— Dada! Tez ke-li-ing! Katta baliq!

Qarmoqning po‘kagi cho‘kib ketgan, aftidan yirikroq baliq ilingan, yosh bola tortib ololmayotgan ekan. Mo‘min aka peshonasini tirishtirib, kuchanib turib, siltab tortgan edi, bir nima sho‘lp etib suvdan chiqdi-yu, o‘g‘lining oldiga tushdi. Toshqinjon “Voy-voy!” deb itarib yubordi. “Katta baliq” Mo‘min akaga tegib, yana suvga otildi.

— Voy sendaqa ovchidan o‘rgildim! — dedi Mo‘min aka jig‘ibiyron bo‘lib. — Katta baliq deganing o‘lgan kuchuk ekan-ku.

“Katta baliq"ni ko‘rishga qiziqib kelgan Mo‘min akaning hamsuhbatlari birin-ketin gap uchirishaverdi:

— Oqar suvga o‘lgan kuchukni tashlashibdimi, a?
— Qanday pokiza bo‘lardi bu suvlar!
— Qanday noinsofning ishi bu?
— Eski mirobsiz, Mo‘minjon, — dedi keksa tramvaychi Jalil Musayev, — haqqingiz bor-ku, surishtirib ko‘rmaysizmi? Ammo, suvbuzarlar aniqlansa, xalq uchun savob ish qilingan bo‘lardi-da.

Mo‘min akaning alam o‘tiga lampa moy sepilgandek bo‘ldi. U ikki otim nosni birvarakayiga tili tagiga tashlab, tajanglikni to‘n qilib kiyib olib yo‘lga tushdi. Jalil Musayev ham qo‘shildi unga. Ikki o‘rtoq “oqar suvni bulg‘ayotganlar kimlar?” degan da’vo bilan to‘ppa-to‘g‘ri oktabr rayon ijroiya komitetining kommunal xo‘jalik bo‘limiga borishdi. Keyin Kirov, Sobir Rahimov, Chilonzor rayonlari va Toshkent oblast sanitariya inspeksiyalariga yo‘liqishdi. U yerlardagi kazo-kazolarga dillarida ko‘ndalang bo‘lib turgan savolni aytishdi. Ular esa sirtlariga suv yuqtirmay, o‘zlarini sutga chayilgandek oppq qilib ko‘rsatishdi, akt-faktlarni qatorlashtirib qo‘yishdi. Ammo javoblari ham, ko‘rsatgan hujjatlari ham otaxonlarni qanoatlantirmadi.

— Aktlar papkada qolib ketaversa, yaramas faktlar davom etaversa… Bunaqa rasmiyatchilikni suvga oqizib yuborish kerak, — dedi Mo‘min aka. Biroq sanitariya inspeksiyalaridagi o‘rtoqlarga bu gap yoqmadi, qovoqlarini osiltirib olishdi.

“Mushtum” jurnalining 1974 yil 12-sonida e’lon qilingan karikatura.“Mushtum” jurnalining 1974 yil 12-sonida e’lon qilingan karikatura.

Toza suv ixlosmandlarining ba’zi anhor va ariqlar ahvolini ko‘rib, aniqlaganlari shunday: Toshkentda va oblastning shaharlarida jon boshiga suv iste’mol qilish yildan yilga ortmoqda. Yaxshiki, Toshkent oblasti suv manbalariga boy. Sirdaryo va uning tarmoqlari bo‘lgan Chirchiq, Angren daryolari, Bo‘zsuv, Salor, Kaykovus ariqlari, Qorasuv soyi poytaxt shahar va oblastni suvga serob qilib turadi. Biroq, oyni etak bilan berkitib bo‘lmaganidek, bu suvlarning iflos qilinishi ko‘payib borayotganini ham yashirish mumkin emas.

— Ifloslangan suv inson bilan bir qatorda hayvonlar, foydali mikroorganizmlar, shuningdek, ariqlar atrofidagi daraxtlar, o‘simliklar uchun ham zararli, — deyishadi mutaxassislar. Lekin toza suvni bulg‘atuvchilarga qarshi kurash akt tuzib qo‘yishdan nariga o‘tmayapti. Chunonchi: Toshkentdagi o‘nlab sanoat korxonalari anhor, ariqlarga yaqin yerlarda. Ularning ish jarayonlarini suvsiz tasavvur qilish qiyin, albatta. Biroq, bu korxonalarda toza suvga munosabat “ishim bitti, eshagim loydan o‘tdi"ning o‘zginasi: toza suvni ishlatishadi-yu, chiqindilarini tozalamay yana anhor yoki ariqqa oqizishaveradi. Masalan, Qog‘oz kombinatining ko‘plab ammiak aralashgan chiqitlari Qorasuv soyiga oqizib qo‘yilgan. Suvni bulg‘ayotgan bunaqa korxonalar, xonadonlar, ular haqida tuzilgan aktlar ham anchagina. O‘rtoq Melnik boshliq bo‘lgan 6-JEK Chilonzor rayoni territoriyasida ekanida ham chiqitlarini xlorlamay anhorga qo‘shaverardi. U oktabr rayonida, toza suvni bulg‘atishni hamon tark etgani yo‘q. Sobir Rahimov parkidan to Chig‘atoy darbozasigacha bo‘lgan Kaykovus chetiga joylashgan xonadonlarning ayrimlari axlat, mag‘zavalarini bemalol toza suvga tushirishar ekan. Oqar suvda o‘lgan kuchuk bo‘lishi ham shunday befarosatlik oqibati. Toshkent shahri va oblastidagi ko‘pgina ariqlarda bir vaqtlar baliq va turli jonivorlar bo‘lardi. Hozir ko‘plarida hatto qurbaqaning ham ovozi eshitilmay qolgan. Anhor, ariqlar qirg‘oqlaridagi katta-katta daraxtlarning ko‘pi qurib patarat topgan. Xayriyatki, oqar suvlarning tillari yo‘q, aks holda: — Ho‘v, noinsoflar! Obi hayotni iflos qilib koni zararga aylantirgani uyalmaysizlarmi?! — deb bong urishardi.

Qiziq, mutaxassislarning fikrlari, iste’molchilarning shikoyatlari qaysi bong urishdan kam! Toza suvni bulg‘atuvchilarga akt tuzib qo‘yaqolish o‘rniga keskinroq chora ko‘rish vaqti yetmaganmikin?!

A.Muhiddinov,
“Mushtum” jurnali, 1974 yil 12-son.