O‘zbekiston Turkiya davlatiga zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 100 nafar Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilarini yuborgandi. Ular mamlakatning qator hududlarida hodisa oqibatida jabr ko‘rganlar va vafot etganlarni vayronalar ostidan olib chiqishda yordam ko‘rsatishdi. 25 fevral kuni tongda ular 18 kun davom etgan vazifalarini yakunlab Toshkentga qaytib kelishdi. «Gazeta.uz» aeroportda ular bilan suhbatlashib, ko‘rgan-kechirganlari, qutqaruv ishlari qanday borgani va ichki kechinmalari haqida so‘radi.

FVV qutqaruvchisi Bahodir Rustamovning aytishicha, yetib borgan kunlaridanoq vaziyatning juda jiddiyligini ko‘rishgan, tezkor qarorlar qabul qilishga to‘g‘ri kelgan. Qidiruv-qutqaruv ishlariga biroz halal beradigan omillar ham uchragan. Bu aftershok holatlari, ya’ni kichik zilzilalar.

«Bundan tashqari, ko‘p binolar to‘liq qulamagandi, muammolar tug‘dirdi. Lekin, albatta, barcha qiyinchiliklarga yarasha rejalarimiz bor edi, shular asosida qidiruv-qutqaruv ishlarini tashkillashtirdik. Bu ishlarda kinologiya xizmatining ham juda katta o‘rni bor. Xizmat itlarimiz tirik insonlarni topishda juda katta yordam berdi», — dedi u.

тuркиядаги zilzila, фвв, qutqaruvchiлар

«Xavfga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirmaymiz, albatta, o‘ziga yarasha rejalarimiz bo‘ladi. Navbatchilik almashayotgan paytimizda 6,3 balli zilzila bo‘ldi, bu juda ham daxshatli edi. Hayotimda birinchi marta yer silkinishini his qilishiim. Qolaversa, zilzila 17 soniya davom etdi. U yerdagi holatni tasavvur qilish juda qiyin», — dedi Bahodir Rustamov.

FVV qutqaruvchilaridan yana biri Zarifjon Begmatovning so‘zlariga ko‘ra, ularning yoniga juda ko‘p insonlar ota-onasini, aka-singlisini, bolasini qutqarib berishlarini so‘rab, yig‘lab kelgan.

Kinolog qutqaruvchi Ubaydulla Ro‘zmetov bo‘lib o‘tgan voqealar haqida so‘zlab berarkan, jarayonda kinolog itlarning o‘rni katta ahamiyatga ega bo‘lganini ta’kidladi.

тuркиядаги zilzila, фвв, qutqaruvchiлар

«Borgan kunimizoq talofot ko‘rgan maxsus obyekt berildi. Kechqurun bo‘lishiga qaramasdan shu yerdan Baron laqabli xizmat itimiz 82 yoshli onaxonni topdi. U ayol tirik edi, faqat qo‘llari ozgina lat yegandi. Yaqinlariga olib chiqib, topshirdik, mamnun bo‘lishdi. Uning hayot ekanliginidan, vaqtida yetib borganimizdan o‘zimiz ham xursand bo‘lib ketdik. Itimiz hech qanday qiyinchiliksiz topishga harakat qildi va uddasidan chiqdi, deb o‘ylayman. U tirik insonlarni topganda faolroq tovush chiqarardi, jasadni topganda esa passivroq ovoz berardi», — dedi u.

«Dala sharoitida o‘zimizga sharoit yaratdik, hammasini tayyorlab o‘sha yerda yotdik.18 kun davomida yigitlar bilan ishlab, qidirgan joyimizda jasadlarni traktorlar bilan olib chiqib, belgilangan xodimlarga topshirdik», — dedi FVV qutqaruvchisi Davlat Ochilov.

тuркиядаги zilzila, фвв, qutqaruvchiлар

«Qutqarayotgan paytimda xuddi o‘zimning oilamni qutqargandek bo‘ldim. O‘zimni oilam bilan ham shunday voqea bo‘lishi mumkin ediku, deb o‘ylab, yordam berdim», — dedi FVV qutqaruvchisi Muzaffar Saipov.

«Chin qardosh yaxshi kunda ham, yomon kunda ham yoningda turguvchidir. Fursatdan foydalangan holda huzuringizda O‘zbekiston hukumatiga, prezident Shavkat Mirziyoyevga, o‘zbek xalqiga, FVV va Mudofa vazirligi qutqaruvchilariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», — Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar.