O‘zgidromet xizmati agentligi dam olish kunlari — 25−26 fevral sanalarida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Juma kuni respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga va kechga tomon qolgan hududlarga Rossiyaning Yevropa hududidan sovuq va nam havo massasi kirib keladi. 25 fevral kuni O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, tog‘oldi va tog‘li hududlardagi ba’zi joylarda qor yog‘adi, vaqti-vaqti bilan kuchli bo‘ladi. Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlarida kechasi va ertalab biroz qor yog‘adi. Faqat Qoraqalpog‘iston bo‘yicha quruq ob-havo kuzatiladi.

Havo harorati pasayadi va aksar hududlarda kechasi va kunduzi 0…+5 daraja, shimolda kechasi −5…−10 daraja, kunduzi 0…+5 daraja atrofida bo‘ladi. O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

26 fevral kuni O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha quruq va kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublikaning katta qismida harorat kechasi −2…−5 darajagacha pasayadi. Kunduzi quyosh hisobiga havo harorati +7…+12 darajagacha ko‘tariladi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Ushbu kunlarda respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor.

Xususan, poytaxtda shanba kuni vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, tuman tushishi mumkin. Shamol g‘arbdan 5−10 m/s tezlikda esadi, 12−15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kechasi va ertalab +3…+5 darajani tashkil etadi, kunduzi 0…+2 darajagacha pasayadi.

Yakshanba kuniga kelib, yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Havo harorati kechasi −2…−4 daraja, kunduzi +8…+10 daraja bo‘ladi.