2022 yil 24 fevral kuni erta tongda Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirdi. Shu kuni «Gazeta.uz» Ukrainadagi o‘zbekistonlik muhojirlar va Ukraina fuqarolari bilan bosqin boshlangani haqida qanday xabar topgani, shaharlarida nimalar bo‘layotgani, mahalliy ma’muriyat tomonidan qanday choralar ko‘rilgani haqida suhbatlashgan edi. O‘shanda barcha respondentlar urush ular uchun kutilmagan hodisa bo‘lganini aytgandi. Ular taqdirlari qanday kechishi haqida tasavvurga ega emasdi. Bir yil o‘tgach, biz o‘tgan yilgi hikoya qahramonlari bilan yana bog‘lanib, urush ularning hayotini qanchalik o‘zgartirgani haqida so‘radik.

«Urushda nimaga duch kelishingni hech qachon oldindan bilmaysan»

Vladislav, Kiyev

Men Odessada tug‘ilganman. So‘nggi 12 yil davomida Kiyevda yashadim. Urush boshlanishi bilan ayolimni Ispaniyaga olib ketdim, ota-onam o‘zlari tug‘ilgan shaharda qolishni afzal ko‘rishdi. Yevropada ikki oy yashadim, xayolan Ukrainada edim. Yaqinlarim butunlay boshqa voqelikda, urush dahshatlarini boshdan kechirayotganini bilib, xotirjam yura olmadim. Shuning uchun men ijtimoiy yordam uchun kerakli bo‘lgan hamma narsani sotib olib, Kiyevga qaytdim. Qarindoshlar mening tanlovimga salbiy munosabatda bo‘lishdi, chunki qolish va o‘zimni xavf ostiga qo‘ymaslik imkoniyatim bor edi. Ammo burch hissi va odamlarga yordam berish istagi yengib chiqdi.

Kiyevda vaziyat ancha tinch, ammo oldingidan xavfsizroq deb ayta olmayman. Elektr, suv, gaz va issiqlik ta’minotida deyarli hech qanday muammo yo‘q. Hammasi urushdan oldingidek ishlashda davom etmoqda.

Mening Civito deb nomlanadigan yuridik firmam bor, u migratsiya masalalarida yordam beradi. Kasbim bo‘yicha huquqshunosman. Urushdan oldin qo‘l ostimda yigirmadan ortiq odam ishlar edi. Hozir esa ularning yarmidan kamrog‘i qolgan. Biz nolga ishlayotganimizga qaramay, xodimlarni ish bilan ta’minlash uchun kompaniyani barqaror saqlashga harakat qilayapman. Chunki mamlakatda ko‘p odamlar daromadsiz qoldi.

Men deyarli butun o‘tgan yilni xizmatda o‘tkazdim. Xizmat joyim va turini oshkor eta olmayman, lekin o‘z vatanim uchun foyda keltirayotganimni his qilish menga qo‘rquv, tashvish va boshqa his-tuyg‘ularni yengishga yordam beradi.

интервью, ukrainаdaги urush

Tillarni bilishim juda asqotdi. Men ingliz va fransuz tilida so‘zlasha olaman. Bizning batalonda nafaqat belaruslar va gruzinlar, balki amerikaliklar, yevropaliklar va hatto yangi zelandiyaliklar ham xizmat qiladi.

Urush ko‘p narsalarni qayta o‘ylashga va yangi kasbiy ko‘nikmalarni o‘rganishga majbur qildi. Men o‘zimni har doim ilm-fanga oid turli sohalarda bilimdonman deb hisoblardim, lekin harbiy sohani o‘rganishim kerak deb o‘ylamas edim. Xizmat davomida havo razvedkasi, taktik tibbiyot, minalar bilan ishlash, harbiy aloqalar va hokazolarni tushuna boshladim. Garchi bu bilimlar menga jang maydonida unchalik yordam bermasa-da, urushda nimaga duch kelishingizni hech qachon oldindan bilmaysiz.

Bu yil har bir fuqaro favqulodda vaziyatlarda o‘z vatanini himoya qila olishi uchun jismonan chiniqishi, harbiy texnikadan foydalana olishi, o‘zi bilan birga snaryadlar olib yurishi, harbiy xizmatni o‘tkazib yubormasligi zarurligini ko‘rsatdi.

«Hatto otishmalar paytida ham avvalgidek vahima yo‘q»

Elzara Muzaffarova, Kiyev (sharh ukrain tilidan tarjima qilingan)

Men uydaman va bu so‘nggi bir yil ichida hayotimdagi o‘zgarmagan yagona narsa. Ukraina fuqarosiman, asli Toshkentda tug‘ilganman. Ota-onam O‘zbekistonda yashaydi. Hozirda fotografiya bilan shug‘ullanaman va shu bilan birga bir do‘stimning kichik restoranini boshqarishda ko‘maklashaman (u oilasi bilan mamlakatning g‘arbiy qismiga vaqtinchaligk ko‘chib o‘tgan).

интервью, ukrainаdaги urush

Dekabrdagi otishmalar paytida, Kiyev.

O‘tgan yilning aprel oyidan buyon kamuflyaj to‘rlarini to‘qib kelaman. Hammasi do‘stlarim yo‘lga qo‘ygan ko‘ngillilar tashkilotiga a’zo bo‘lganimdan boshlandi. Ularga faqat to‘r yasay oladigan odamlar kerak edi. Men ularni to‘qishni o‘rgandim va o‘z tajribamni boshqalar bilan baham ko‘ra boshladim. Keyin bildimki, uydan uncha uzoq bo‘lmagan joyda yig‘ilish punkti tashkil qilingan ekan, uni «kichik opa-singilchilik» deb atashgan. Biz aholidan mablag‘ yig‘ib, ularning iltimosiga ko‘ra harbiylar uchun to‘r to‘qib jo‘natamiz.

интервью, ukrainаdaги urush

Kiyevning huvillagan ko‘chalari.

Shahar xavfsizroq bo‘lgan-bo‘lmaganini aniq ayta olmayman, chunki bu yil hamma narsaga ko‘nikdik. Ilgari hammasi jiddiy sezilardi, hozir esa otishma paytida ham avvalgidek vahima yo‘q. Odamlar o‘zlarini qanday tutish kerakligini tushunadi va iloji boricha bir-biriga yordam berishadi. Uyimizda suv, elektr va issiqlik bor. Hayot davom etmoqda, odamlar ta’lim olyapti, ishlayapti va oilalar quryapti, hatto shahar atrofida yangi muassasalar ochilmoqda.

Urush davrida hayotda ustuvor tushunchalar va odamlarga munosabat o‘zgardi. Men arzimas narsalar haqida tashvishlanishni to‘xtatdim. Hozir men uchun qadrli bo‘lgan narsa — inson hayotidir. Men oilam bilan aloqada bo‘lishga, do‘stlarim bilan ko‘proq gaplashishga harakat qilaman. Bu menga sodir bo‘layotgan voqealarni va to‘plangan his-tuyg‘ularni yengib o‘tishga yordam beradi.

интервью, ukrainаdaги urush

Kiyevda reklama konstruksiyalari ishlamayapti.

Afsuski, so‘nggi bir yil ichida men haqiqiy g‘azab va nafrat nima ekanligini ich-ichimdan his qildim va har bir o‘qilgan xabar bilan bu kuchayishi mumkinligini tushundim. Shuning uchun men hammasini samarali yo‘nalishga qaratishga harakat qilaman. Biror ish bilan band bo‘lsam, o‘zimni jamiyatga foydali his qilaman. Hozir odamlarning birdamligi har qachongidan ham ko‘proq sezilmoqda.

«Men bolalar urush nima ekanligini bilishlarini xohlamayman»

Ma’ruf Saliyev, Lvov — Frankfurt

Oilam bilan birga Lvovda yashayotganimga 15 yildan oshdi. Bizda O‘zbekiston fuqaroligi bor, yashash uchun ruxsatnoma olganmiz. Bolalar shu yerda o‘qishadi, men esa tadbirkorman.

Urushdan oldin shaharda quritilgan mevalar, ziravorlar va boshqa sharqona mahsulotlari sotiladigan to‘rtta do‘konim bor edi. Logistika bilan bog‘liq muammolar va infratuzilmaning buzilishi tufayli ikkita sotuvchi ishlaydigan faqat bitta do‘konimiz qoldi. Lekin men qiyin sharoitlarda ham biznesni davom ettirishga harakat qilaman.

Mamlakatda harbiy holat e’lon qilingach, fuqarolarni Polsha orqali evakuatsiya qilishni tashkillashtirishda yordam bera boshladim. Men oilamni deyarli darhol Turkiyaga yubordim. Birinchi navbatda, bolalar xavfsiz joyda bo‘lishlarini xohladim, ular urush nima ekanligini bilishlarini istamasdim. U yerda do‘stlarim bor, ular bizni bir muddat uy-joy bilan ta’minlashdi.

интервью, ukrainаdaги urush

Yevropaga avtobus uchun navbat.

Bir oydan keyin biz Germaniyaga ko‘chib o‘tishga qaror qildik. Bizning Yevropada yashashdek azaliy orzuimiz bor edi. Urush buni amalga oshirishga sababchi bo‘ldi. Afsuski, tinchlik davrida rejalarni amalga oshirishning iloji bo‘lmadi.

Hozir biz Frankfurtda kvartirada ijarada turibmiz. Davlat yordam berayapti va oyiga taxminan 400 yevro nafaqa to‘layapti. Bolalar allaqachon maktabga borishadi va futbol to‘garagiga qatnashadi. Bu vaqt ichida ular nemis tilini o‘zlashtirib, tengdoshlari bilan bemalol gaplashishni o‘rganishdi. Oilam yangi mamlakatga tezda moslasha olganidan xursandman.

интервью, ukrainаdaги urush

Germaniyada.

Deyarli har oy ish bo‘yicha Lvovga qaytaman. Bizning shahrimiz juda sokin. Bir necha portlashlar eshitilgan bo‘lsa-da, urush bu yergacha yetib kelmadi, deyish mumkin. Elektr ta’minotida uzilishlar sodir bo‘lib turadi, lekin bu kuniga uch-to‘rt soatdan oshmaydi. Odamlar o‘qishda va ishlashda davom etishyapti. Bir yil davomida hamma bunday hayotga ko‘nikib qoldi.

XXI asrda urush boshlanib qolishi mumkinligini hech kim kutmagandi. Biz bu ko‘p vaqt davom etmaydi va hammasi tez orada tugaydi, deb o‘ylagandik, lekin allaqachon bir yil ham o‘tdi. Oilam eson-omon va sog‘-salomat ekani uchun Xudoga shukr qilaman — bu men uchun hozir eng muhimi.

«Har kuning oxirgisiga aylanishi mumkinligini tushunib yetsang, hayotni boshqacha qadrlay boshlaysan»

Temur Yusupov, Kiyev

Men sevimli shahrim — Kiyevdaman. Bu yerga 2011 yili, Kiyev tibbiyot institutiga o‘qishga kirganimdan so‘ng kelgandim. Hozir Shalimov nomidagi Milliy jarrohlik va transplantologiya institutida aspiranturada o‘qib, ishlayapman. Markazimiz yil davomida ham xos bemorlarni, ham harbiy harakatlar oqibatida jabrlanganlarni qabul qilishda davom etmoqda.

интервью, ukrainаdaги urush

Mamlakatdagi vaziyat hamon beqaror. Havo trevogalarini tez-tez eshitib turamiz, ammo, baxtimizga, kuchli portlashlar va katta yo‘qotishlar bo‘lmayapti. Xalq juda jipslashgan. Avvallari qandaydir kelishmovchiliklar yuz berib turgan bo‘lsa ham, hozir hamma umumiy maqsad yo‘lida birlashgan. G‘alabaga bo‘lgan ishonch umid bag‘ishlayapti.

Men ham hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonishga harakat qilyapman. O‘tgan bir yil davomida hayotim tubdan o‘zgarib ketdi. Urush boshlangan vaqtda oilamni O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish dasturi doirasida vatanga qaytarib yubordim. O‘zim Kiyevga qaytdim, chunki qachonlardir meni xuddi o‘zinikidek qabul qilgan do‘stlarim va yaqinlarimni tashlab ketolmasdim. Oilam bu qarorimni tushunish bilan qabul qilib, meni qo‘yib yubordi.

интервью, ukrainаdaги urush

Shundan beri oila a’zolarim bilan bir marta — mehnat ta’tili vaqtida, oktabr o‘rtalarida uchrashdim. Hozir ahvolim yaxshi ekani haqida xabar berish uchun kuniga bir necha marta uyga qo‘ng‘iroq qilaman. Ba’zan jarrohlik xonasida uzoqroq qolib ketganimda shaharda harbiy trevoga e’lon qilinib qoladi. Ota-onam telefon qilib tusha olmay, xavotirlana boshlaydi. Keyin, ovozimni eshitishlari bilan, xursand bo‘lib ketib, buni bayramdek qabul qilishadi. Seni kutishayotgani his qilsang, ichingda qandaydir bir iliqlik paydo bo‘ladi.

интервью, ukrainаdaги urush

Ukrainada o‘tkazilgan oxirgi bir yil davomida shuni tushunib yetdimki, o‘zingni va yaqinlaringni taqdiri qil ustida turganida, boshqa har qanday muammo ahamiyatsiz bo‘lib qolarkan. Har kuning so‘nggi kunga aylanishi mumkinligini tushunib yetganingda hayotni boshqacha qadrlay boshlarkansan. Urush tezroq tugab, yorug‘ kunlar kelishiga ishongim keladi. O‘sha kunlar kelgach, men butunlay qaytib, tibbiy faoliyatimni qadrdon Samarqandimda davom ettirmoqchiman.

«Urush e’tiborni kelajakdan bugungi kunga surib qo‘ydi»

Edgar Eshonqulov, Kiyev — Polsha

Men 2016 yili Toshkentdan Ukrainaga ko‘chib o‘tgandim. Uzoq vaqt bir qator loyihalarda top-menejer bo‘lib ishladim, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan ham shug‘ullandim. Hozirda bir nechta kompaniyada biznesni kengaytirish uchun boshqaruv jarayonlarini qayta tashkil etish bo‘yicha konsultantlik qilaman. Bo‘sh vaqtlarda shug‘ullanishni yoqtirganim ishim — realistik 3D-animatsiya tayyorlash bugungi kunda talabgir bo‘lib, menga masofadan ishlab, pul topish imkonini bermoqda.

интервью, ukrainаdaги urush

Ukraina g‘arbidagi Karpat tog‘larida joylashgan Dovbush qoyalari. 2022 yil aprel.

Urush nafaqat kasbiy faoliyatim turini qayta ko‘rib chiqishga, balki yashash joyimni bir necha bor o‘zgartirishga, atrofimdagi odamlarni yaqinlashish va uzoqlashishga majbur qildi, ertangi kunni mutlaqo taxmin qilib bo‘lmay qolishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘yib, e’tiborni kelajakdan bugungi kun surib qo‘ydi. Urush hayotni ungacha bo‘lgan va undan keyingi davrlarga bo‘lib yubordi. So‘nggi bir yil davomida hayotimda yuz bergan o‘zgarishlarni to‘rt bosqichga bo‘lishim mumkin.

Birinchisi — g‘aflat bosqichi. Urushning kutilmaganda boshlangani doimiy qo‘rquv va xavotirda ushlab turdi. Bularning bari jismoniy va ruhiy salomatlikka ta’sir qildi. Masalan, qornimda doimiy noqulaylik his qildim va birdan adrenalin oshib ketardi. Bosqinchilar harakatini taxmin qilib bo‘lmasligi oqibatida har bir havo trevogasi va, hatto uzoqda bo‘lsa-da, har bir portlash ovoziga darrov e’tibor qaratishga majburlardi. Butun kunimni vannaxonada, koridorda, metroda va yangilik kanallarida o‘tkazardim.

Ikkinchisi — qabul qilish bosqichi. Yuz berayotgan hodisalarni tushunish va uni boricha qabul qilish jarayoni yuz berdi. Stress darajasi sezilarli pasaydi. Men komendantlik soati, ichmaslik qonuni, hujjat tekshiruvchi blokpostlar, yonilg‘i taqchilligi, valyuta kursining o‘ynashi kabi cheklovlarga o‘rgana boshladim. Havo trevogalari, o‘q va portlash ovozlariga yengilroq qarashga o‘rgandim.

Uchinchisi — blekaut bosqichi. Elektr energiya ta’minotining uzilishi juda ko‘plab qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Elektr bo‘lmasa, 23-qavatga piyoda chiqib-tushish, plastik karta va bankomatlardan foydalanish, uy ishlari bilan shug‘ullanish, ovqat tayyorlash va ishlash qiyin, chunki bularning bariga elektr va internet kerak, tayanch stansiyalarni esa har kuni bombardimon qilishyapti.

Hozir Kiyevdagi vaziyat yaxshilanyapti. Elektr ta’minoti va boshqa kommunikatsiyalarni vaqti-vaqti bilan o‘chirish holatlari kamaymoqda. Baxtimizga, qish davomida deyarli hammada issiqlik ta’minotida uzilish bo‘lmadi. Muammo bo‘lgan bo‘lsa ham, ular tezda bartaraf etildi.

To‘rtinchisi — kutish bosqichi. O‘tgan yilning dekabridan beri oilamiz bilan birga Polshada yashayapmiz. Mamlakatdan chiqib ketish qiyin bo‘lgani yo‘q, chunki men yarim yil avval yashash guvohnomasini olish uchun hujjat tayyorlay boshlagandim. Hujjatlarni rasmiylashtirishda uzoq vaqtdan beri Polshada yashaydigan o‘zbekistonlik do‘stim yordam berdi.

интервью, ukrainаdaги urush

Polshaga yo‘lda, 2022 yil dekabr.

Biz nisbatan tez ijaraga uy topdik, faqat anchagina katta badal puli to‘lashga to‘g‘ri keldi (uyni ijaraga olishda badal puli to‘lashga o‘rganmaganmiz, chunki Ukrainada bunday amaliyot yo‘q edi). Mahalliy aholi ingliz tilida gaplasha oladi, shu bois moslashish qiyin bo‘lmadi va yashash ham qulaylashdi.

Biz Kiyevga qaytish uchun vaziyatning yaxshilanishi kutyapmiz. Tez orada shunday bo‘lishiga ishonamiz. Men Yevropa va MDHning ko‘plab davlatlarida bo‘lganman va xorijda yashash tajribasiga egaman, ammo aynan Ukrainada o‘zimni xuddi uydagidek his qilaman. Bu yerda qandaydir tushuntirib bo‘lmas, o‘ziga tortadigan bir narsa bor. Bularning barini sog‘inmasdan iloj yo‘q.