Ijtimoiy tarmoqlarda toshkentlik o‘nlab o‘smirlar ko‘chada «Aslam — sila» (Aslam — kuch) deya baqirgancha yurish qilgani aks etgan videolar tarqaldi. «Gazeta.uz» vaziyatni o‘rgandi.

Aslamboi kim?

pubg, стример

Aslambek Baxromov (2004 yilda tug‘ilgan) PUBG (PlayerUnknown's Battlegrounds) onlayn o‘yinining mashhur strimeri bo‘lib, Aslamboi taxallusi ostida o‘ynaydi. Xabar e’lon qilingan paytda uning 376 ming nafar YouTube, 136 ming nafar Instagram obunachisi bor edi.

U 10−11 soatgacha davom etishi mumkin bo‘lgan o‘yinlarini jonli efirga uzatadi, shuningdek, Energy Gaming kibersport tashkiloti uchun chiqishlar qiladi.

Nima bo‘ldi?

pubg, стример

Aslambek Baxromov o‘zining Instagram sahifasida 24 fevral kuni soat 15:00 da Magic City`da o‘z fanatlari bilan uchrashishini e’lon qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda uning Milliy gvardiya harbiylari tomonidan uchrashuv joyidan majburan olib ketilgani aks etgan.

Toshkent shahar IIB izohida aytilishicha, Jizzax viloyatidan bo‘lgan Aslambek Baxromov Magic City ko‘ngilochar majmuasida muxlislar bilan uchrashuv uyushtirib, sovg‘alar tarqatmoqchi bo‘lgan.

pubg, стример

«Uchrashuvga taxminan 130−140 nafarga yaqin voyaga yetmagan bolalar yig‘ilgan va jamoat tartibini buzib shovqin-suron ko‘targan. Shu hududda xizmat olib boruvchi Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari tartibsizlikni oldini olish va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida A.Baxromovni ichki ishlar bo‘limiga olib ketgan. Xodimlar A.Baxromovni olib ketayotgan vaqtida bir nechta voyaga yetmaganlar uning ketidan avtomashinagacha kuzatib borishgan. So‘ng uchrashuvga yig‘ilganlarning barchasi tarqalgan», — deyiladi xabarda.

Videolarda bir guruh o‘smirlarning noma’lum yo‘nalish bo‘ylab yurib borar ekan, «Aslam — sila» («Aslam — kuch») deb baqirishayotgani aks etgan. Guvohlarning xabar berishicha, yoshlar strimerni ozod etilishini ham talab qilishgan.

Baxromovning o‘zi Telegram kanalida o‘yindan uch-to‘rt kun qolishi mumkinligini aytdi («gg yesli chyo 3−4 kun afk bop kolshm mumkun»).

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan A.Baxromovga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi («Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish») bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun tuman sudiga taqdim etiladi.