O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni Qarshidagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti kursantlari bilan suhbat chog‘ida Rossiya va AQSh prezidentlarining yaqinda qilgan chiqishlarini tilga oldi.

Avvalroq Oliy bosh qo‘mondon kursantlar bilan muassasa oshxonasida tushlik qilgani haqida yozgan edik. Kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, jangovar mashg‘ulotlarni ko‘zdan kechirdi. So‘ngra bilim yurti ustida osmondan harbiy samolyotlar — qiruvchi, hujumchi, transport samolyotlari va jangovar vertolyotlar uchib o‘tdi.

ақш, владимир пuтин, жо байден, mudofaa vaзирлиги, россия, шавкат мирзиёев

Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov tomonidan e’lon qilingan videoda Shavkat Mirziyoyev bilim yurti faoliyatini takomillashtirish, jumladan, xorijiy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

«O‘ylaymanki, [Koreya Respublikasi bilan] ham harbiy, ham fuqaro [aviatsiyasi] uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma institut yaratish zarur. O‘z vaqtida kadrlarimiz, ilmiy bazamiz bo‘lgan, ilmiy salohiyatimiz bor edi — hammasini ko‘mishdi va boshqa hech narsa yaratishmadi… Biz aeroportlarni ko‘paytiryapmiz, «qanot»lar keltiryapmiz, lekin kursantlarni tayyorlashni bilmaymiz», — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qarshi-Xonobod aerodromi negizida ilmiy baza yaratilgan, endilikda bilim yurti o‘quvchilari o‘rtasida muhandislik ko‘nikmalarini shakllantirish zarur.

Prezident yurt tinchligi Mudofaa vazirligiga, bilimli, malakali harbiy kadrlarga bog‘liqligini ta’kidladi.

«Sizni qanday tarbiyalayotganingizni, kim va qanday dars berayotganingizni, qaysi apparatlarda sinovdan o‘tayotganingizni baribir hamma eshitadi. 50 [parvoz] soat deyapsizlar. Mana, oqsoqollar aytishyaptiki, ular paytida juda bo‘lsa 20 soat bo‘lgan. Nimaga? Sharoit bo‘lmagan, imkoniyat bo‘lmagan, mablag‘ bo‘lmagan», — dedi prezident.

Davlat rahbari Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Jo Baydenning yaqinda qilgan chiqishlarini ham aytib o‘tdi.

«Kechagina televizorda ko‘rgan bo‘lsalaringiz, Putinning murojaatini ko‘rgandirsiz, Baydenni ko‘rgandirsiz. Albatta, bizning dunyoqarashimiz ham, sizniki ham o‘zgarishi kerak. Har bir davlat o‘zining suverenitetini, tinchligining, xalqining manfaati haqida o‘ylashi uchun mustahkam mudofaa bo‘lishi kerak. Mudofaa kuchli bo‘lsa, davlat o‘zini hurmat qilishga majbur qiladi. Mana shu majburlik sizlarning bilimlaringizga bog‘liq, — dedi prezident.

ақш, владимир пuтин, жо байден, mudofaa vaзирлиги, россия, шавкат мирзиёев

Shavkat Mirziyoyev kursantlardan «bir daqiqa ham vaqtni behuda o‘tkazmaslik» va o‘z ustida ishlash, bilimini oshirish, mutaxassislik bilan birga xorijiy tillar va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallashni so‘radi.

«Har bir davlatning kuchi haqida mudofaasi gapiradi. Mudofaa siz kabi o‘qimishli, g‘ayratli, qat’iyatli harbiylar, muhandislar va uchuvchilar tomonidan ta’minlanadi. Ushbu unvonga munosib bo‘lish uchun tinmay o‘qib, o‘z ustingizda ishlab, mahoratingizni har tomonlama chiniqtirishingiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Dunyoda kuzatilayotgan chaqiriqlardan kelib chiqib, u mas’ullarga havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bundan tashqari, prezident uchuvchisiz uchish apparatlarining eksperimental yig‘ilishini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.