Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Deputatlar qayd etishicha, avvalgi muhokamalarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasidan hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga boshchilik qilishini nazarda tutuvchi qoida chiqarib tashlangan edi.

Biroq, jamoatchilik tomonidan berilgan takliflarda bunday o‘zgarishning o‘zi yetarli emasligi, ya’ni hokimlar xalq deputatlari Kengashlarida rahbar bo‘la olmasligi aniq ko‘rsatilishi kerakligi bildirilgan edi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, qonun bilan «hokim lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida tegishli xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas» degan qat’iy norma o‘rnatilmoqda.

2022 yil boshida «Gazeta.uz» 2019 yilgi Davlat dasturiga ko‘ra, 6 oy ichida hokimlarning xalq deputatlari kengashi raisi maqomini bekor qilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgani, biroq qabul qilinmay qolib ketgani haqida yozgandi. Adliya vazirligi o‘shandayoq loyihani huquqiy ekspertizadan o‘tkazib, ijobiy xulosa bergan. Qonunchilik palatasi ma’lum qilishicha, «hujjat quyi palataga kelib tushmagan, shu sababli muhokama qilinmagan». O‘sha vaqtda bu ishlarning ijrosiga mas’ul bo‘lganlar esa boshqa ishga o‘tib ketgan.