23 fevral kuni prezidentning «Qishloq xo‘jaligida aholi bandligini oshirish va yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qarorga ko‘ra, 1 apreldan 2024 yil 1 maygacha eksperiment tariqasida respublika budjetidan paxta yoki g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga ularning ishchilarining mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini qaytarib berish tartibi joriy etiladi.

Buning uchun ular quyidagi shartlarga rioya etishlari kerak:

  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan har bir gektar yer uchun oyiga kamida 1 nafar ishchining bandligi ta’minlanganda;
  • har bir nafar ishchi uchun oyiga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromad mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanganda;
  • paxta yoki g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi o‘tgan yil yakuni bo‘yicha Soliq kodeksi talablariga javob berganda.

Shuningdek, 1 apreldan tadbirkorlar yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari, shu jumladan, 2023 yil 1 yanvardan keyin foydalanishga topshirilgan binolar yuzasidan ularning mol-mulkiga hisoblangan summani bino foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘laydi. Buning uchun ular quyidagi pasaytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llashlari lozim bo‘ladi:

  • 3 qavatli binoga — 0,9;
  • 4 qavatli binoga — 0,8,;
  • 5 qavatli binoga — 0,7;
  • 6 qavatli binoga — 0,6;
  • 7 va undan yuqori qavatli binoga — 0,5.

Xususan, ushbu bandda belgilangan pasaytiruvchi koeffitsiyent mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yordamchi xonalar bilan birga, agar ularning maydoni yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binosining umumiy maydonining 20 foizidan oshmagan bo‘lsa joriy etiladi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish maqsadlarida bino bir nechta xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan birgalikda foydalanilayotgan bo‘lsa, bunday binoning har bir mulkdori tomonidan qo‘llaniladi.