Xitoylik amaliyotchi olimlar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida maslahatchi sifatida faoliyat yuritadi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi ko‘magida xitoylik olimlar — Chjan Si va Van Syao Linning mamlakatga tashrifi tashkil etildi.

«Xitoy kambag‘allik ustidan to‘liq g‘alaba qozonganini e’lon qilgan birinchi mamlakat sanaladi. Ikki davlat o‘rtasida jadal rivojlanayotgan strategik sheriklik Xitoyning bu boradagi ilg‘or tajribasini o‘rganish uchun keng imkoniyatlar beradi. Kambag‘allikga qarshi kurashda Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy etish bo‘yicha hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish yuzasidan ikki davlat rahbarlari o‘rtasida kelishuvga erishilgani buning yorqin dalilidir», — deyiladi vazirlik axborotida.

Qayd etilishicha, xitoylik olimlar va vazirlik rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda hamkorlikdagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilingan.

Foto: Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati

«O‘zbekiston hukumati kambag‘allikni kamaytirishga qanchalik katta e’tibor qaratayotganini qisqa vaqt ichida his qildik va biz belgilangan maqsadlarga erishishda yordam berishga tayyormiz», — deydi Pekin pedagogika universitetining Iqtisodiyot va resurslarni boshqarish instituti professori Chjan Si.

Ma’lum qilinishicha, mutaxassislar dastlab hududlarga safar qilib, sohadagi ishlarning bugungi holatini o‘rganadi. Tahlil natijalariga ko‘ra, kambag‘allikni aniqlashning moliyaviy va nomoliyaviy mezonlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

«Keyinchalik, ilmiy yondashuv asosida kambag‘allikdan chiqish bo‘yicha maqsadli dasturlar ishlab chiqilib, ular viloyatlar, tumanlar va mahallalar miqyosida amalga oshiriladi. Shuningdek, ushbu dasturlarning samaradorligini monitoring qilish mexanizmini joriy etish nazarda tutilgan. O‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish orqali kasb-hunar ta’limi tizimini o‘zgartirishga alohida e’tibor qaratiladi», — deyiladi axborotda.

Ta’kidlanishicha, ushbu choralar kadrlar tayyorlash borasida ichki va tashqi mehnat bozorida talabga ega bo‘lgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yilning 27 oktabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Unda kambag‘allikni kamaytirish masalalarida tajriba va bilim almashish muhim yo‘nalish sifatida belgilab olingan edi.

2022 yilning 5 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti va XXR raisining Pekindagi uchrashuvida kambag‘allikka va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olingandi.