Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish terminali oldida kutib oluvchilar uchun hudud qurilishi boshlandi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Rejalashtirilgan ikkita kutish joyidan birinchisi mavjud shiypon o‘rniga quriladi. Qurilish ishlari mart oyi oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan terminal oldidagi to‘siqdan yashil hududgacha bo‘lgan hudud banner bilan o‘rab qo‘yilgan. Yo‘lovchilarning shaharga chiqishi vaqtincha P2 avtoturargohi orqali (ketish va kelish terminallari o‘rtasida) amalga oshiriladi.

Avvalroq Uzbekistan Airports Toshkent aeroportida elektron chegara nazorati tizimi va qo‘l yuklarini tekshirish uchun yangi rentgen uskunalarini namoyish etgandi. Endilikda yo‘lovchilar poyabzalini yechmasdan va suyuqlik idishlarini ochmasdan tekshiruvdan o‘tadi. Hududda yana bir Duty Free do‘koni, kafe va dorixona ham ochilgandi.

Kompaniya raisi Ra’no Jo‘rayevaning aytishicha, mart oyi oxiriga qadar kichik mehmonxona, hammom, tahorat olish va namoz o‘qish xonalari ham ishga tushiriladi.