22 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya bilan «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida»gi [PQ-65-sonli] qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Unga muvofiq, endilikda 2 davlat imtiyozli savdo sohasida hamkorlik qiladi, bu bo‘yicha bitim tasdiqlandi. Mazkur bitim 2022 yil 29 mart kuni Toshkent shahrida imzolangan.

Ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasi mas’ul bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi.