His-tuyg‘ular orqali ko‘rish

Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarga kim va qanday taʼlim beradi?

Toshkentdagi 77-sonli maxsus maktabda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar tahsil oladi. O‘qituvchilar, shu jumladan, xuddi shunday zaif ko‘ruvchi muallimlar, o‘quvchilarga dunyoni his qilish orqali «ko‘rish»ni o‘rgatadi. Bunda ularga korreksion fanlar yordam beradi. «Gazeta.uz» bolalarni his-tuyg‘ulariga ishonib yashashga o‘rgatishni o‘zining vazifasi qilib olgan insonlar haqida hikoya qiladi.
Toshkentdagi 77-sonli maxsus maktabda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar tahsil oladi. O‘qituvchilar, shu jumladan, xuddi shunday zaif ko‘ruvchi muallimlar, o‘quvchilarga dunyoni his qilish orqali «ko‘rish»ni o‘rgatadi. Bunda ularga korreksion fanlar yordam beradi. «Gazeta.uz» bolalarni his-tuyg‘ulariga ishonib yashashga o‘rgatishni o‘zining vazifasi qilib olgan insonlar haqida hikoya qiladi.
77-sonli ixtisoslashtirilgan maktabning o‘quv binosi yorug‘lik va bo‘yoqlar bilan to‘ldirilgan. Yo‘lak devorlari bo‘ylab bolalar tomonidan chizilgan rasmlar va yog‘och tutqichlarni ko‘rish mumkin. Ular maktab o‘quvchilariga harakatlanishda ko‘maklashish uchun o‘rnatilgan, ammo bolalar ularga deyarli muhtoj emas, chunki ular bu maydon bo‘ylab qanday qilib erkin harakat qilishni o‘rganishayapti yoki allaqachon buni uddasidan chiqib bo‘lishgan. Maktab o‘quvchilari mustaqil ravishda yoki bir-birlarining tirsagidan ushlagan holda sinflarni topishadi, zinapoya orqali ko‘tarilishadi, maktab hovlisiga chiqishadi.
Muassasada respublikaning turli hududlaridan kelgan 367 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Hududda yotoqxona mavjud. Bu yerda viloyatlardan kelganlar bilan bir qatorda, ota-onalari har kuni olib kelib, uylariga olib keta olmaydigan poytaxtlik bolalar ham yashaydi. Dam olish kunlarida baʼzi maktab o‘quvchilari uylariga ketishadi, lekin ko‘pchilik o‘z yaqinlarini faqat taʼtil paytida ko‘radi.

Maktabga yetti yoshdan qabul qilinadi, ammo olti yoshlilar uchun tayyorgarlik sinflari ham mavjud. O‘quv bo‘limi boshlig‘i Anora Qodirova bunday taʼlim muassasalari O‘zbekistonning barcha hududlarida faoliyat yuritayotganini tushuntirdi. Umumtaʼlim maktablarida bo‘lgani kabi bu yerda ham bolalar 11 yil davomida gumanitar fanlarga eʼtibor qaratgan holda o‘qiydi. Maktabda rus va o‘zbek tilida sinflar mavjud.

Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar ham dunyoni «ko‘ra olishadi». Ularga 72 nafar o‘qituvchi va 56 nafar tarbiyachi saboq bermoqda. O‘qituvchilarning yarmi — ushbu maxsus maktabning bitiruvchilaridir. «Gazeta.uz» muxbiri ular dunyoni his qilishni qanday o‘rgatishlari haqida bilib oldi.
Zulayho Xusnutdinova
«Mo‘ljal olish» fani o‘qituvchisi
Zulayho Xusnitdinova bolalarga hayot uchun eng zarur bo‘lgan ko‘nikmani o‘rgatadi. U javonda turgan silikondan yasalgan sovetcha ko‘cha xaritalari to‘plamini oladi. Xaritalar shunday yasalganki, bolalar uni ushlab ko‘rib ko‘chalarning geometriyasi, svetoforlarning joylashishi, piyodalar o‘tish joylari, avtomobillarni his qila olishadi. Ularsiz bola atrof-muhit haqida hech qanday tasavvurga ega bo‘lolmas edi.

«Avvallari men o‘tadigan darsni “hassa” deb atashardi, lekin bu noto‘g‘ri nom, chunki bolalar va kattalar maydonda nafaqat hassa yordamida, balki butun vujudi bilan mo‘ljalni olishadi», — deb tushuntiradi u.

Sovet davridan beri Toshkent ko‘chalari o‘zgarib, ulardagi vaziyat yildan-yilga nazoratsiz va xavfliroq bo‘lib bormoqda. Shunga qaramay, xaritalar ko‘zi ojiz va zaiv ko‘ruvchi o‘quvchilarga notanish muhitga tushib qolishganda ko‘chalarni tasavvur qilishga yordam beradi, deydi pedagog. Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto maktab bitiruvchilari ham mo‘ljal olish bo‘yicha yordam so‘rashadi. Biror notanish joyda bo‘lib qolishsa, ular o‘qituvchiga qo‘ng‘iroq qilishadi.
«Bolalarga bog‘chadan to to‘qqizinchi sinfgacha mo‘ljal olishni o‘rgataman. Boshlang‘ich maktabda biz mikromuhitda, masalan, kichkina xonada, ish stolida tanamiz bilan ishlashni o‘rganamiz. 3-4-sinflarda biz sinfxonalar, turar-joy binolari va maktab hududida harakat qilishni o‘rganamiz. Bu yoshda bolalar hassadan foydalanishni boshlashadi. 6-7-sinflarda esa maktabdan tashqarida ko‘chada harakat qilishni o‘rganamiz», — deya tushuntirdi u.

Ko‘chaga chiqishdan avval bolalarni qo‘rquv va komplekslarini yengishga o‘rgatish muhim, deydi Zulayho Xusnitdinova. Ular ko‘pchilikda mavjud, shuning uchun o‘quvchilar ko‘cha maketlari bilan mashq qilishadi. Bulardan tashqari, o‘qituvchining arsenalida meʼmoriy yodgorliklarning miniatyuraviy modellari mavjud — ular bolalarda go‘zallik tuyg‘usini uyg‘otadi.

«Lekin eng muhimi, bolalarga boshqalardan yordam so‘rashni o‘rgatish, — deya so‘zlab berdi Zulayho Xusnitdinova. — Buning uchun siz bolaga notanish odamlar bilan qanday munosabatda bo‘lishni va SOS-signalini qanday qilib to‘g‘ri berishni — oldinga qarab hassani vertikal holda ko‘tarishni o‘rgatishingiz kerak. Biz adashib qolgandan ko‘ra, yordam so‘ragan yaxshiroq bo‘lishini tushuntiramiz».
Zulayho Xusnitdinovaning so‘zlariga ko‘ra, hassa, — ko‘zi ojiz odamning rulidir.
Bolalarga hassadan foydalanishning sirpanish, diagonal va mayatnik usullari o‘rgatiladi. Diagonal usul tanish joylarda, sirpanish va mayatnik usullari esa notanish joylarda qo‘llaniladi. Hassa nafaqat yo‘l ko‘rsatadi, balki ko‘zi ojiz odamning dunyosida uchraydigan, hatto kichik bo‘lgan to‘siqlar kabi xavf-xatarlardan ham saqlaydi. Hatto kichik bir teshik ham shikastlanishga olib kelishi mumkin.
«Agar bola ariq yoki chuqurni payqab qolsa, oldinga qadam tashlashdan oldin uning kengligi va ehtimoliy chuqurligini aniqlashini maslahat beramiz. Agar to‘siqdan mustaqil o‘ta olmasa, biz bolalarga boshqalardan yordam so‘rashni maslahat beramiz».
Hassa bolaning bo‘yiga mos kelishi kerak, deydi Zulayho Xusnitdinova. Vertikal holatda, u bolaning ko‘krak qafasidan baland bo‘lmasligi kerak.

«Hassaning asosini huddi yozayotganda qalamni tutayotgandagidek kabi ushlab olish kerak, – deb ko‘rsatadi o‘qituvchi. – “Rul” panja yordamida boshqariladi».
Ko‘zi ojiz odam uchun hidlar va tovushlar muhim signal hisoblanadi. Yangi yopilgan nonning xushbo‘y hidi yaqin atrofda novvoyxona borligini anglatadi.

«Maktabimiz tomonga burilgandan keyin, Eron elchixonasidan o‘tgach, shamol qattiq esadi. Bu bizning maktab yaqin ekanligi haqida signal berishi mumkin».
реклама
реклама
Dilfuza Rahmanova
Kichik motorikani rivojlantirish bo‘yicha o‘qituvchisi
Kichik motorikani rivojlantirish xonasi ko‘plab turli xil buyumlar bilan jihozlangan. O‘qituvchi anjomlari orasida kiyim-kechaklar, miniatyura mebellari, plastmassa idishlar, o‘yinchoqlar, nishli silikon sharlar mavjud.

«Men har xil bolalarni o‘qitaman. Masalan, qisqichni ochishga qiynaladiganlar ham bor — ularning qo‘llari juda nozik. Asosan, mening darsim ko‘zi ojizlarga mo‘ljallangan, lekin amalda zaif ko‘ruvchilar ham uchrab turadi», — deydi Dilfuza Rahmonova.

Uning darslarida bolalar plastilin, xamir yoki geometrik shakllar bilan ishlashadi. Buning yordamida ular tegish orqali his qilishni o‘rganishadi. Bu Brayl alifbosini o‘qish uchun muhimdir. Obyekt qanchalik kichik bo‘lsa, o‘qish qobiliyati shunchalik yaxshi bo‘ladi, deydi o‘qituvchi.
«Bolalar o‘qishni o‘rganishi va samaraliroq o‘qiy olishi uchun kichik motorikani rivojlantirishlari zarur, chunki ular ko‘zlari bilan emas, qo‘llari bilan o‘qishadi, — deb tushuntiradi Dilfuza Rahmonova. — Avvalo, barmoqlarning sezgirligini oshirish uchun kichik predmetlar, jumladan, kiyim qisqichlar yordamida mashqlar bajaramiz, keyin asosiy qismga — o‘qishga o‘tamiz. Bolalar uchun Brayl alifbosini o‘rganishning eng yaxshi usuli bu didaktik o‘yinlardir. Men kichik predmetlarni katta qopchaga yashiraman va ular aytilgan obyektni qidirib, uni qopcha tortib olishadi».
Ular o‘qishni, asosan Brayl alifbosida yozilgan satrlar tasvirlangan doskachada o‘rganishadi. Doska bir nechta katakchalarga bo‘lingan. Har birida oltita teshik bor. Dilfuza opa bolalarga ularni his qilishni o‘rgatadi. Har bir teshikchalarga nuqtalarni o‘rnini bosadigan qo‘ziqorinchalar joylashtiriladi, chunki Brayl alifbosini faqat bo‘rtib chiqqan nuqtalar orqali o‘qish mumkin.
Nikolay Makarkin
Matematika, geometriya va informatika o‘qituvchisi
Nikolay Makarkin — 77-maktabning ko‘zi ojiz bitiruvchisi. Toshkent davlat pedagogika universitetini tamomlab, o‘zi taʼlim olgan maktabiga qaytib kelgan.

O‘qituvchi qo‘lida ekrani o‘chirilgan smartfonni ushlab turibdi. U 1992- yoki 1993-yillarda kuyish oqibatida ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lsada, xuddi uni ko‘rayotgandek barmog‘ini ekran bo‘ylab yurgizmoqda. O‘sha paytlar smartfonlar yo‘q edi.

Telefon karnayidan tez ohangda «Sozlamalar, maxsus imkoniyatlar» degan robot ayol ovozi eshitiladi. O‘qituvchi audio ijro etish tezligini pasaytirdi, ekranni yoritdi va uni ko‘rsatmoqda.
«Telefonda matnni hisoblash va o‘qish uchun mo‘ljallangan TalkBack dasturi o‘rnatilgan. Bu bolalarga elektron gadjetlarni o‘zlashtirishga yordam beradi. Windows tizimida ishlaydigan kompyuterlarga NVDA dasturi o‘rnatilgan», — deydi Nikolay Makarkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompyuter bilan ishlashda ko‘zi ojizlar asosan klaviaturadan foydalangan holda — sichqonchasiz ishlashadi. Avvalo, barmoqlaringizni klaviaturada qanday qilib to‘g‘ri joylashtirishni
«Biz eng o‘ng burchakdan boshlaymiz: ALT, Windows, CTRL tugmalari. Keyinchalik, yuqoridagi tugmachalarni maʼlum tartibda joylashuvini eslab qolishni o‘rgatamiz. Bolaning ko‘rish qobiliyati qay darajada ekanligidan qatʼi nazar, hamma qaramasdan yozishni yaxshi biladi», — deya tushuntiradi Nikolay Makarkin.

O‘qituvchining o‘zi monitordan foydalanmaydi, lekin ko‘rish qobiliyati monitor bilan ishlashga imkon beradigan zaif ko‘ruvchi bolalar undan foydalanishadi.
«Keng maʼnoda gadjetlar — smartfonlar, kompyuterlar bizga maʼlumot olish imkonini beradi», — deydi Nikolay Makarkin
U informatikadan tashqari geometriya va matematikadan ham dars beradi. Plastikli geometrik shakllar bolalarga ularning shakllarini tushunishga yordam beradi.

«Albatta, topshiriqlarda paydo bo‘ladigan barcha geometrik jismlarga tegib bo‘lmaydi, lekin shunga qaramay, siz ularni atroflicha tushuntirishingiz mumkin», — deydi o‘qituvchi.
Bolalar matematik masalalarni Brayl alifbosida yozish uchun maxsus daftarda ishlashadi. Matn yozish uchun qog‘ozda nuqtalar teshishga mo‘ljallangan o‘tkir grifel, shuningdek, 18 ta qator va 24 katakchadan iborat metall trafaret ishlatiladi – uni “qurilma” deb atashga odatlanishgan.

«Ko‘rish qobiliyati zaif bo‘lgan bolalar masalalarni doskada yechishadi. Men yechimlarni tinglagan holda tekshiraman», — dedi Nikolay Makarkin.
Abdullo Islomov
O‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi
Abdullo Islomovning ish stolida ko‘plab daftarlar orasida muqovasida Alisher Navoiy portreti tushirilgan qalin kitob ham bor. Uni ochib, ko‘rmoqchi bo‘lgan odam ichida harflarni ko‘rishni kutadi, lekin sahifalar oq va bo‘sh. Quyosh nurlari ostida grifel bilan o‘yilgan nuqtalar ko‘rinadi.

Abdullo akaning ro‘parasida ikki talaba o‘tiribdi: birining ko‘zi ojiz, ikkinchisi zaif ko‘radi. Ularning barmoqlari qog‘oz ustida sirpanardi. Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azallarini o‘qib, yod olishmoqda.

«Men 1981 yilda [ushbu maktabga] o‘qishga kelganman. Esimda, kiraverishda ovoz kuchaytirgich bor edi. Ertalab yangiliklar va qo‘shiqlarni tinglardim. Ko‘zi ojiz o‘qituvchilarni paxtaga olib ketishganda, ularning o‘rniga yosh kotiblar darsga kirishardi. Bizga o‘zbek ertaklarini o‘qib berishardi. U vaqtlar boshqacha edi — na gadjetlar, na telefonlar bor edi. Biz ishtiyoq bilan o‘qirdik. 4-sinfda o‘zbek va turk xalq ertaklarini, 5-sinfdan esa o‘zbek badiiy adabiyotini o‘qiganman».
Bir kuni Abdullo Islomovning o‘qituvchisi bitta asar asosida insho yozishni topshiriq qilib bergan. U Brayl alifbosida 24 varaq yozgan va 5 baho olishiga ishonchi komil bo‘lgan, lekin o‘qituvchi unga 4 baho qo‘ygan.

«Hayron bo‘lib, sababini so‘radim, u javob berdi: “Siz o‘z fikringizni bildirish uchun juda ko‘p so‘z ishlatgansiz. Qisqaroq yozishni o‘rganishingiz kerak”. Men qancha ko‘p yozsam, ishim shuncha yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylaganman».

O‘qishni bitirishiga ikki yil qolganida Abdullo Islomov onasidan ayrilib qoladi. U endigina 17 yoshga kirgan edi. Shunga qaramay, oldingi o‘quv yilida o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha o‘tkazilgan respublika olimpiadasida uchinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay, uning yaqinlari gazetadan olimpiada g‘oliblari imtiyoz asosda oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilinishi haqidagi xabarni o‘qib qoladi.

«Xudo menga shunday imkoniyat berganidan juda xursand bo‘ldim. 9-sinfdan so‘ng shisha idishlar uchun qopqoq ishlab chiqaruvchi zavodda ishlashni rejalashtirgan edim, lekin Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘qishni boshladim», — deydi Abdullo Islomov.
реклама
реклама
35 nafar talaba orasida u yagona ko‘zi ojiz edi. Maʼruzalar paytida u grifel bilan yozayotgani sabab biroz tovush chiqardi. Boshida o‘qituvchilar buni tushunmaganidan jahl qilib: «Kim taqillatayapti!» deyishardi. Ammo ular tez orada bunga ko‘nikib qolishdi va agar bunday tovush eshitishmasa: «Nega buni yozmayapsiz?» deb so‘raydigan bo‘lishdi.

Abdullo Islomovning qarindoshlari uni Toshkentda ro‘yxatdan o‘tkazishgani uchun o‘zi taʼlim olgan maktabga o‘qituvchi sifatida qaytishga muvaffaq bo‘ldi. Aks holda, katta ehtimol bilan u Jizzaxga ketishiga majbur bo‘lardi, chunki ko‘zi ojiz odamga ish topish oson emas.

Abdullo Islomovning aytishicha, maxsus maktabda o‘zbek tili va adabiyoti umumtaʼlim maktablaridagi kabi dastur asosida o‘qitilmoqda.

«Lotin tilidagi o‘quv dasturimiz Brayl alifbosiga moslashtirildi. Bosmaxona bizni barcha o‘quv materiallari bilan taʼminlaydi. Biz uchun juda ko‘p imkoniyatlar yaratilgan», — deydi u.
O‘qituvchining fikricha, adabiyotni o‘rganishning mazmun-mohiyati shunchaki faktlarni yod olish va asarlar qahramonlarini bilish emas, balki hayot qiyinchiliklarini yengib o‘tishga imkon beruvchi hikmatlarni qo‘llay bilishdan iborat bo‘lishi kerak.

«Darslar davomida men bolalardan qahramonlar o‘rnida bo‘lishganida nima qilishlarini so‘rayman. Jumladan, O‘tkir Hoshimov “Dunyoning ishlari” nomli qissalarida onaning hayotdagi o‘rni haqida gapiradi. Yozuvchi yaratgan obraz orqali ko‘zi ojiz bolalarning onalari qanday qiyinchiliklarni yengishgani haqida so‘zlayman. Axir ularga ko‘ruvchi bolalarning onalariga qaraganda ancha qiyinroq. Onalarimiz ko‘pincha farzandlari jamiyatga qo‘shilib ketadimi, hayotda o‘z o‘rnini topa oladimi, degan o‘ylar bilan xavotirda. Onam jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lishimni istardi: to‘y-hashamlarga, ziyofatlarga olib borardi. Onam meni boshqacha sevardi».
Materialni Jahongir Azimov tayyorladi.
Nazarbek Nazarov rus tilidan tarjima qildi.
Fotosuratlar muallifi: Madina Aʼzam / «Gazeta.uz».

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting