Prezidentning tegishli farmoniga asosan Salom Samadov bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deya xabar bermoqda prokuratura matbuot xizmati.

3-darajali Davlat adliya maslahatchisi bo‘lgan Salom Samadov 2022 yilning avgust oyidan buyon Qashqadaryo viloyati prokurori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi. Undan avval Toshkent viloyati prokurori bo‘lgan.

Salom Samadov 1963 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, huquqshunos. 1990 yilda Xarkov yuridik institutini tamomlagan.

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 1990 yilda Buxoro viloyati Fayzullo Xo‘jayev tumani prokuraturasida boshlagan. Buxoro va Navoiy viloyatlari prokuraturalari organlarida turli lavozimlarda, 2005 yildan boshlab Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, Xatirchi va Karmana tumanlari prokurori, Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston prokurori o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokurori, O‘zbekiston prezidenti davlat maslahatchisining o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

U oldin ham — 2017 yilning noyabridan 2018 yilning oktabriga qadar bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ishlagan.