Tojikistonda 23 fevral tongidan beri to‘xtamayotgan zilzilalar kuchi bir kunda ikkinchi marta O‘zbekistonda sezildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi xabar berdi.

Markaz ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan 16:24 da (Grinvich bo‘yicha 11:24 da) Tojikistonda zilzila sodir bo‘ldi. Koordinatalar: 38,2 gradus shimoliy kenglik; 73 gradus sharqiy uzunlik. Magnituda M=5. Chuqurlik 10 km. Zilzila epitsentri Toshkentdan 470 km janubi-sharqda.

O‘zbekiston hududida sezilish kuchi:

  • Farg‘ona viloyatida 2 ball, 264 km;
  • Andijon viloyatida 2 ball, 292 km.

Eslatib o‘tamiz, payshanba kuni ertalab soat 5:40 atrofida O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida 3−4 balli zilzila sezilgandi. Uning epitsentri Tojikistonda. Toshkent aholisining so‘zlariga ko‘ra, zilzila sabab silkinishlar uzoq davom etgan.