Boshqa mamlakatlarda vabo tarqalishi munosabati bilan Qozog‘iston chegarada nazoratni kuchaytirdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi, deb yozmoqda Tengrinews.

Vazirlikning Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasi yuqumli kasalliklarni epidemiologik nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Roza Kojapova dunyoning qator davlatlarida vabo bilan kasallanish holatlari kamayib borayotganini ta’kidladi.

«Bular, asosan, Afrika davlatlari va Suriya hisoblanadi. Qozog‘istonga kelsak, so‘nggi 10 yil davomida bu yerda vabo bilan kasallanish holatlari qayd etilmadi. Vabo — suv orqali odamdan odamga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqadigan kasallik. Bu yil dunyo bo‘ylab kasallik bilan bog‘liq vaziyat murakkablashgan. Ammo, bu omilga qaramay, mamlakatimizda ichimlik suvi ham, ochiq suv havzalari ham doimiy ravishda suv sifati nazoratidan o‘tkazilib kelinadi. Ochiq suv havzalarida patogenlar, shu jumladan, vabo mavjud yoki yo‘qligi bo‘yicha muntazam ravishda tekshiruvlar olib boriladi. Bugunga kelib, natijalar Qozog‘istonda vabo epidemiyasi xavfi yo‘qligini ko‘rsatmoqda», dedi u.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bir qator mamlakatlarda vabo kasalligi qayd etilganini hisobga olib, Qozog‘iston chegarasida nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

«Kelayotgan fuqarolarni tekshiruvdan o‘tkazyapmiz. Agar ularda vaboning dastlabki belgilari namoyon bo‘lsa, izolyatsiyaga olinadi. Tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlar uchun anamnez [bemorning o‘zidan yoki uni biladigan kishilardan shu bemorning hayot sharoiti va kasallik tarixi haqida so‘rab to‘planadigan ma’lumotlar] aniqlashtiriladi. Chet eldan kirib kelganlarda ham shunday kasallanish aniqlansa, epidemiyaga qarshi choralar ko‘rilib, ular izolyatsiya qilinadi. Ammo bizda hozircha hammasi joyida», — dedi Kojapova.