Toshkent shahri Shayxontohur tumanida ko‘p qavatli uyning yerto‘lasidagi tayanch devorlari joylashuvini o‘zgartirgan shaxs aniqlandi. Bu haqida Qurilish va uy-joy xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, vazirlik huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan aholi murojaatlariga asosan ko‘p qavatli uylarda noqonuniy qurilmalarni aniqlash va huquqbuzarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish ishlari o‘tkazilmoqda.

Xususan Shayxontohur tumanidagi Labzak dahasi 1a uyning yerto‘lasi tegishli talablarni buzgan holatda o‘zgartirilgani aniqlandi. Fuqaro loyiha hujjatlaridan chetga chiqqan holda binoning tayanch devorlari hamda kommunikatsiya tarmoqlari joylashuvini o‘zgartirgan.

Inspeksiya tomonidan huquqbuzarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 15 kun muddatda binoni o‘z holiga qaytarish bo‘yicha topshiriq berildi. Shuningdek, holat yuzasidan qo‘shimcha o‘rganish ishlari amalga oshirilishi ta’kidlangan.