Shavkat Mirziyoyev raqamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida moliyaviy manbalarni kengaytirish masalasini ham muhokama qildi. Davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov bu bo‘yicha prezident so‘zlaridan iqtiboslar keltirdi.

Unga ko‘ra, hududlarda raqamlashtirishni rivojlantirish uchun Raqamli tashqi reklama portali ishga tushiriladi. Kelgusida tashqi reklamadan tushgan mablag‘larning 20 foizi har bir viloyatning o‘zida raqamlashtirishni rivojlantirish uchun qoldiriladi.

Bunda bosh vazirga xorijiy tajribani o‘rganib, namunaviy loyiha asosida Toshkent shahrida 2 ta, viloyat markazlari va yirik shaharlarda 1 tadan ko‘chada zamonaviy tashqi reklama obyektlarini joylashtirish topshirig‘i berildi.

1 iyunga qadar Raqamli tashqi reklama tizimini ishga tushirib, undan faqat Yagona interaktiv portal orqali foydalanish belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev raqamlashtirish bo‘yicha tizim yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qilgandi. Bunda aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ichki ishlar idoralarida 34 ta, adliyada 32 ta, sog‘liqni saqlashda 11 ta xizmat elektron shaklga o‘tkazilmagani ta’kidlangan. Masalan, odamlar «086-shakl» olish uchun har safar poliklinikaga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda yangi avtomobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va raqam berishning elektron tizimini yaratish rejalashtirilmoqda.