14 fevral kuni O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov mamlakatdagi barcha oliygoh rektorlariga hamma talabalarning holatini o‘rganib, ularni shartli ravishda odobiga ko‘ra guruhlarga ajratish va ro‘yxatini shakllantirish topshirig‘ini berdi.

Unda talabalarni jinoyatchilikka moyillar, yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasidagilar hamda tartib-qoidalarga rioya etmaydiganlarga ajratish qayd etilgan.

Vazirlikning mazkur topshirig‘i ijtimoiy tarmoqlarga tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh talabalarning o‘zlari bunga nima deydi? «Gazeta.uz» uch universitet talabalariga mikrofon tutdi.

Talabalardan birining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda bundan boshqa muhimroq mavzular ko‘p. «Menimcha, o‘shalarga aralashib, ta’limda yangiliklar qilishga yoki talabalarning ilmiy jihatdan o‘sishiga e’tibor berilsa yaxshi bo‘lardi», — deydi u.

Boshqa bir talaba bunday ro‘yxatni shakllantirish kerakligi va bu muhimligini ta’kidladi. «Chunki bir talaba zaxarlandimi, yonidagi o‘rtog‘ini yoki kursdagilarni ham zaharlashi mumkin», — deya qo‘shimcha qildi u.

So‘rovnomada fikr bildirgan yana bir yoshning aytishicha, talabalarni nazorat qilish kerak.

«Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda har xil saytlar, guruhlar bor. Ularga qo‘shilib qolish ehtimoli juda katta. Shuning uchun nazorat qilish kerak, buni to‘g‘ri qaror, deb o‘ylayman», — deya qayd etdi qiz bola talaba.

Ayrim talabalar ta’lim sifatini yaxshilash zarurligini bildirdi. «Ta’lim va tarbiya har doim parallel yuradi. Tarbiyaga ham qaysidir tomondandir e’tibor berish o‘rinli. Lekin ko‘proq ta’lim ahamiyat berish tarafdoriman», — deydi bir talaba.

Boshqa bir yoshning fikricha, talabalarni bunday tabaqalash judayam katta xato. «Sababi hamma talaba, barcha o‘qish uchun keladi. Undan ko‘ra, universitetlar ichidagi sharoitlarni, bilim berish va ustozlar darajasini yuqoriga ko‘tarishimiz to‘g‘riroq, deb o‘ylayman», — deydi u.

So‘rovnoma davomida talabalarning ba’zilari unga bunday tartiblar ahamiyatsiz ekanligini aytdi. Ayrimlari esa fikr bildirishni xohlamadi.

Materialni Mirolim Isajonov tayyorladi. Video operator va montaj ustasi Ma’murjon Obrahmatov.