Toshkent IIBB ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan jamoat joyida fuqarolarga tamaki chekish bilan bog‘liq diniy yondashuvlarni va tushuntirishlarni uqtirayotganligi aks etgan videoyozuv bo‘yicha munosabat bildirdi.

O‘rganishlar jarayonida ushbu shaxs 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro A. X. ekanligi aniqlanib, u bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.

«O‘tkazilgan suhbat davomida fuqaro yuqorida keltirilgan videorolikdagi shaxslarni tanimasligini, ularga tamaki chekishga nisbatan munosabatini o‘z tashabbusiga ko‘ra shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirganligini ma’lum qildi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyaning 25-moddasiga asosan, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, shuningdek 27-moddasiga binoan shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega.

Chekish sog‘liq uchun zararli, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va salomatlik masalalari doimo katta ahamiyatga egaligiga urg‘u qaratgan boshqarma ushbu jarayonda O‘zbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlariga monelik qilish mumkin emasligi, ayniqsa alohida shaxslarning o‘z tashabbusi orqali va ushbu masalaga diniy tus berish orqali o‘zgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligini eslatib o‘tdi.

«Shunday ekan, turmushda va jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar o‘zlarining diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha ko‘rinishda shaxsiy hayotiga aralashishi mumkin emas», — deyiladi munosabatda.

Ta’kidlanishicha, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan, sud idoralari tomonidan fuqaro A. X.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184 prim 2-moddasiga (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) asosan, bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.