O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yangi avtotransportlarni onlayn davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va raqam berish tizimini joriy qilishni topshirdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Davlat rahbari yiliga 300 mingdan ziyod xaridor yangi mashina sotib olayotganini ma’lum qildi. Lekin ro‘yxatdan o‘tish va davlat raqami olish uchun haligacha yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga borish zarur.

Prezident qolgan vazirliklarda ham raqamlashtirish bo‘yicha hali xalqimizni rozi qiladigan tizim to‘liq yaratilmaganini ta’kidladi.

Jumladan, aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ichki ishlar idoralarida 34 ta, adliya idoralarida 32 ta, «O‘zstandart»da 29 ta, sog‘liqni saqlashda 11 ta xizmat elektron shaklga o‘tkazilmagani qayd etildi.

Misol uchun, ishga yoki o‘qishga kirish, haydovchilik guvohnomasini olishda kerak bo‘ladigan «086-shakl» tibbiy ma’lumotnomani olish uchun odamlar har safar poliklinikaga murojaat qilishga majbur.

Yerlarni xususiylashtirish uchun murojaat onlayn beriladi. Ammo kommunal sohadagi ma’lumotlar raqamlashmagani bois, keyingi bosqichlar baribir «qo‘lda» qilinmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Raqamlashtirish vazirligiga tegishli vazirlik va hokimliklar bilan birgalikda:

  • aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar bo‘yicha 26 ta axborot tizimini Yagona davlat xizmatlari portali bilan birlashtirish;
  • ushbu portal orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlarni hozirgi 370 tadan 570 taga yetkazish;
  • yangi avtotransportlarni onlayn davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va raqam berish tizimini joriy qilish;
  • yana 8 turdagi notarial harakatlarni onlayn shaklga o‘tkazish;
  • jami 11 mingga yaqin suv xo‘jaligi obyektlarida suv hisobini yuritishning raqamli tizimini joriy etish;
  • 2 mingdan ziyod meliorativ kuzatuv quduqlarini avtomatlashgan monitoring tizimiga o‘tkazish;
  • barcha tibbiyot muassasalarini lokal tarmoq bilan qamrab olish, ularni kompyuterlar bilan to‘liq jihozlash;
  • tibbiyotni raqamlashtirish bo‘yicha 50 mln dollarlik loyihani boshlash vazifasini topshirdi.