21 fevral kuni kuni soat taxminan 11:20 da Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 162-sonli o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi tengdoshini pichoqlab qo‘ydi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

2005 yilda tug‘ilgan 11-sinf o‘quvchisi A.S. va parallel sinfda o‘quvchi 2005 yilda tug‘ilgan I.R. o‘rtasida maktabning 1-qavatidagi yo‘lakda kelishmovchilik kelib chiqqan. Oqibatda A.S. o‘zi bilan olib yurgan oshxona pichog‘i bilan I.R.ning qorin qismiga bir marta urib, jarohat yetkazgan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining 2440-sonli ma’lumotnomasiga asosan I.R.da qorin oldi devorini teshib kiruvchi sanchilib kesilgan jarohat borligi aniqlangan.

Holat yuzasidan A.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «l» bandi (Qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatgan holda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, yuqorida keltirilgan jinoyatni sodir etganlik uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.