Qirg‘iziston O‘zbekistondan go‘sht mahsulotlari va chorva mollarini olib kirishga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklovni bekor qildi. Bu haqda qo‘shni mamlakatning Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu taqiq 2022 yil 14 sentabrda qo‘yilgandi. O‘zbekistondan tashqari, AQShdan ham qush va parrandachilik mahsulotlari importidagi cheklov olib tashlandi (2022 yil 2 sentabrda kiritilgandi).

O‘zbekiston tomoni sifati tez buziladigan mahsulotlar uchun Qirg‘izistonga poyezdlar tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil yozida Mo‘g‘uliston O‘zbekistonga go‘sht mahsulotlari eksportini oshirishni taklif qilgandi. O‘zbekistondan Mo‘g‘ulistonga esa oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish hajmi oshirilishi ko‘rsatilgan. Mamlakatlar o‘rtasidagi savdoni rivojlantirish uchun charter reyslar yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi aytilgan.