XXI asrning navbatdagi o‘n yilligi mutlaqo kutilmagan (ehtimol, mutlaqo kutilgan) hodisalar bilan, favqulodda og‘ir boshlandi. Dastavval 2020 yilgi koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan iqtisodiy inqiroz va uning boshqa ko‘rinishdagi salbiy oqibatlari jahondagi barqarorlikka putur yetkazdi. 2021 yilda vaksinatsiyaning jadallashuvi hamda qamrovining ortib borishi ortidan virus asta-sekin ortga chekinib, pandemiya bilan bog‘liq qat’iy cheklovlar yumshatila boshlandi va, qisqa muddatli turg‘unlikdan so‘ng, dunyo iqtisodiyotining qayta tiklanishi borasidagi prognozlar real voqelikka yaqinlasha bordi. Biroq, 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukraina suveren hududiga bostirib kirishi global iqtisodiy tiklanish yo‘lidagi urinishlarni yo‘qqa chiqardi. Ukrainada qariyb bir yildan beri davom etayotgan urush dunyo hamjamiyati oldiga yangidan-yangi muammoli masalalarni ko‘ndalang qo‘yib, mavjudlarini chuqurlashtirib yubordi.
Iqtisodiy tebranish va inqirozlar, siyosiy keskinlik va taloto‘plar, ijtimoiy norozilik va tartibsizliklar, iqlim inqirozlarining jadallashgan oqibatlariga boy bo‘lgan 2022 yil global iqtisodiyot va barqarorlikka qattiq zarba berdi. Bu, o‘z navbatida, kelgusidagi global xavf-xatarlar bilan bog‘liq farazlarda keskin o‘zgarish va siljishlarga sabab bo‘ldi.
Yanvar oyida Jahon iqtisodiy forumi (WEF)ning global xavf-xatarlarga bag‘ishlangan 2023 yilgi (Global Risks 2023) hisoboti e’lon qilindi. Hisobot dunyo bo‘ylab 1200 dan ziyod turli soha — ilm-fan, hukumat, biznes, xalqaro hamjamiyat va fuqarolik jamiyati — vakillaridan iborat ekspertlar tomonidan tayyorlangan bo‘lib, insoniyat bugun va yaqin kelajakda yuzlashishi kutilayotgan xavf-xatarlar — global risklarga bag‘ishlangan. Tadqiqotda global risklar uchta davrda: hozirgi kunda namoyon bo‘layotgan risklar (1), yaqin ikki yilda (2) va yaqin o‘n yilda eng og‘ir oqibatlarga olib kelishi kutilayotgan risklar sifatida baholangan. Namoyon bo‘lish sohasiga ko‘ra ular iqtisodiy, atrof-muhit, geosiyosiy, ijtimoiy hamda texnologik risk toifalari bo‘yicha ajratilgan.
“Gazeta.uz” mazkur hisobotga ko‘ra 2023 yilda kutilayotgan potensial risklar haqida va hisobotning boshqa ayrim e’tiborga molik jihatlari xususida hikoya qiladi.
2023 yil: Bizni nimalar kutmoqda?
WEF tadqiqoti natijalariga ko‘ra, 2023 yilda global miqyosda og‘ir oqibatlar yaratishi mumkin, deb topilgan risklar yetakchi beshtaligidan “Energiya ta’minoti inqirozi”, “Yashash xarajatlari inqirozi”, “O‘sib borayotgan inflyatsiya”, “Oziq-ovqat ta’minoti inqirozi” hamda “Muhim infratuzilmaga qaratilgan kiberhujumlar” o‘rin olgan. Mazkur risklarning aksariyati Ukrainadagi urush natijasida kuchaygan. Bundan tashqari, ekspertlar orasida net-zero (atmosferaga issiqxona gazlari ajralishi ko‘rsatkichini imkon qadar nolga yaqinlashtirish) maqsadlariga erisha olmaslik, iqtisodiy siyosatning qurollashuvi, inson huquqlarining zaiflashuvi, qarz inqirozi, nooziq-ovqat ta’minot zanjirlarining ishdan chiqishi hamda, nisbatan kam sonli respondentlar tomonidan e’tirof etilgan bo‘lsa-da, yadroviy, kimyoviy va biologik qurollarning shay holga keltirilishi bilan bog‘liq xavotirlar mavjud.
WEF’ning qayd etishicha, dunyo hamjamiyati “yangi normallik”, ya’ni birlamchi ehtiyojlar — oziq-ovqat, energiya, xavfsizlik — bilan bog‘liq muammolarni hal etish kun tartibiga qaytishi zarur. Biroq, yuqorida keltirilgan risklar global pandemiya keltirib chiqargan sog‘liqni saqlash va iqtisodiyotdagi turg‘unlik, Ukrainadagi urush va sanksiyalar ta’siri, sanoatdagi raqobat va hukumatlar aralashuvi ortidan texnologik qurollanish poygasining kuchayishi natijasida yanada chuqurlashib bormoqda.
Yashash xarajatlari inqirozi respondentlar tomonidan kelgusi ikki yilda eng og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan risk sifatida baholangan bo‘lib, u boshqa eng kuchli ta’sirga ega bo‘lgan risklar bilan sabab-oqibat zanjiri orqali bevosita bog‘liqligi nuqtai nazaridan ham alohida e’tiborga molik. Eng birlamchi va doimiy ehtiyojlarni qondirishga mo‘ljallangan tovarlar — oziq-ovqat va uy-joy narxlari pandemiyadan oldingi davrdayoq ko‘tarila boshlagan edi. Ukrainadagi urush oqibatida energiya va oziq-ovqat ta’minotida uzilishlarning vujudga kelishi mavjud inflyatsiyani yanada tezlashtirdi. WEF’ga ko‘ra, oziq-ovqat ishlab chiqarishdagi tayanch mintaqalar, xususan, Ukrainadagi urush va Pokistondagi keng ko‘lamli toshqinlarning salbiy oqibatlari o‘laroq 2023 yilda oziq-ovqat ta’minotida moddiy yetishmovchilik kuzatilishi ham ehtimoldan xoli emas. Jahon banki mutaxassislarining ma’lum qilishicha, 2023 yilda energiya narxlari o‘rtachadan 46 foiz yuqori darajada saqlanib qolishi kutilmoqda.
Yashash xarajatlari inqirozi qisqa muddatli risk deb baholanganiga qaramay, uning oqibatida aholining eng zaif qatlamlari birlamchi ehtiyojlarini qondirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishlari mumkin. Xususan, inflyatsiyaning yuqori sur’atlarda o‘sishi pensiya yoshidagi aholi qatlamiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Qolaversa, oziq-ovqat, energiya va uy-joy narxlarining o‘sishi aholining real daromadlarini pasaytirib, eng birlamchi ehtiyojlar uchun sarf-xarajatlar o‘rtasida tanlov qilish zarurati oldida tang qoldirishi, natijada jamiyatda salomatlik va farovonlik darajasi pasayib ketishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, jiddiy ijtimoiy norozilik va siyosiy beqarorlikni keltirib chiqaradi. Masalan, birgina yoqilg‘i narxlarining ortishi 2022 yilda taxminan 92 ta davlatda ijtimoiy noroziliklarni keltirib chiqardi. Mazkur noroziliklar to‘lqinining aksariyati siyosiy beqarorlik va insoniy yo‘qotishlar bilan yakun topdi.
Yaqin ikki yillik
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, yashash xarajatlari inqirozi qisqa muddat — 2025 yilgacha bo‘lgan davrda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi va eng tahlikali global risklar dastlabki o‘ntaligidagi yetakchiligini saqlab qoladi. Yaqin ikki yillikda eng og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin, deya baholangan risklar orasida asosiy o‘rinni atrof-muhit bilan bog‘liq risklar hamda ijtimoiy risklar egallagan.
Qisqa muddat — yaqin 2 yilda eng og‘ir oqibatlarga olib kelishi kutilayotgan risklar reytingi | ||
1. | Yashash xarajatlari inqirozi | |
2. | Tabiiy ofatlar va ekstremal ob-havo | |
3. | Geoiqtisodiy qarama-qarshilik | |
4. | Iqlim o‘zgarishini yumshatish bilan bog‘liq muvaffaqiyatsizlik | |
5. | Ijtimoiy hamjihatlikka putur yetishi va jamiyatning turli qutblarga ajralishi | |
6. | Atrof-muhitga keng miqyosda zarar yetkazish bilan bog‘liq hodisalar | |
7. | Iqlim o‘zgarishlariga moslashish bilan bog‘liq muvaffaqiyatsizlik | |
8. | Keng tarqalgan kiberjinoyatchilik va kiber xatarlar | |
9. | Tabiiy resurslar inqirozi | |
10. | Keng ko‘lamli istalmagan migratsiya |
“Iqlim o‘zgarishini yumshatish bilan bog‘liq muvaffaqiyatsizlik” qisqa muddatli davrda eng tahlikali risklar qatorida e’tirof etilgan. Qolaversa, unga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlar tadqiqotning 70 foiz respondentlari tomonidan “samarasiz” yoki “yuqori darajada samarasiz” deb baholangan. WEF’ning qayd etishicha, bu mazkur risk keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlarga tayyor emasligimizni ko‘rsatadi. Toshqinlar, issiq havo oqimlari, qurg‘oqchilik va boshqa ko‘rinishdagi ekstremal ob-havo bilan bog‘liq hodisalarning tez-tez takrorlanishi va talafot darajasi ortishi natijasida bundan tobora ko‘proq insonlar jabr ko‘rishi mumkin. Iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va ularga moslashish borasidagi sa’y-harakatlarning samarasizligi yoki ortga surilishi tabiiy ofatlar riskining dolzarbligini yanada oshiradi.
Jahondagi geosiyosiy keskinliklar va iqtisodiy bosimlar iqlim o‘zgarishini yumshatishga qaratilgan harakatlarga to‘sqinlik qilmoqda va ularning samaradorligini pasaytirmoqda. Ayrim hollarda esa iqlim o‘zgarishini yumshatishda ortga qadam tashlash holatlari kuzatilmoqda. WEF’ga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi 2022 yilda yoqilg‘i qazib olish sohasida yangi infratuzilma obyektlarini qurish va mavjudlarini kengaytirish hamda ta’minot uchun kamida 50 milliard yevro mablag‘ sarfladi, ayrim mamlakatlar esa ko‘mir elektr stansiyalarini qayta ishga tushirdi.
WEF’ning qayd etishicha, “Ijtimoiy hamjihatlikka putur yetishi va jamiyatning turli qutblarga ajralishi” riskining tahlikalilik darajasi so‘nggi yillarda ortib bormoqda. Qolaversa, uning chuqurlashishiga boshqa bir qator qisqa va uzoq muddatli potensial risklar, jumladan, qarz inqirozi va mamlakatdagi beqarorlik, yashash xarajatlari inqirozi va inflyatsiya, uzoq davom etgan iqtisodiy tanazzul va iqlim migratsiyasi kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
“Ijtimoiy hamjihatlikka putur yetishi” sabab-oqibat zanjirida.
Bevosita hukumatning xatti-harakatlari, inson taraqqiyoti va ijtimoiy harakatchanlikdagi bo‘shliqlar sabab fuqarolarning umidsizlikka tushishi 2022 yilda tez-tez norozilik namoyishlarida va tartibsizliklarda o‘zini namoyon qildi. Xususan, yanvar-oktabr oylarida 2021 yil davomida yuz berganidan ko‘ra ko‘proq norozilik namoyishlari kuzatilgan.
Jamiyatdagi qutblanish ijtimoiy ishonchga putur yetkazadi, ayrim hollarda mafkuraviy bo‘linishdan ko‘ra ko‘proq siyosiy elita ichidagi hokimiyat kurashini aks ettiradi. Bu oxir oqibat tahdid kampaniyalari va siyosiy zo‘ravonlik, jinoyatchilik, zo‘ravonlik namoyishlari va hatto fuqarolar urushining avj olishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, jamiyatdagi ijtimoiy va siyosiy qutblanish global risklarni hal qilish uchun muammolarni jamoaviy hal qilish imkoniyatini pasaytirishi ehtimoli mavjud.
Dastlabki o‘ntalikda iqtisodiy risklar sanab o‘tilmagan, shunga qaramay, hukumat hamda biznes vakillari qarz inqirozi, narxlarni barqarorlashtirish bilan bog‘liq muvaffaqiyatsizlik va iqtisodiy tanazzul xavfini qayd etishgan.
Uzoq istiqbol va potensial oqibatlarga tayyor turish
Yaqin o‘n yillikda insoniyat uchun eng jiddiy xavf tug‘diruvchi risklar orasida atrof-muhit, iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslar bilan bog‘liq risklar mutlaq yetakchilik qilgan.
WEF 2030 yilga borib tabiiy resurslar poli-inqirozi sharoitida insoniyat boshdan kechirishi mumkin bo‘lgan to‘rt xil ssenariyni taqdim etgan:
- Resurslar masalasida o‘zaro hamkorlik — tabiiy resurslar tanqisligi xavfi;
- Resurs cheklovlari — turli xil muammolar xavfi;
- Resurslar uchun raqobat — resurs avtarkiyasi xavfi;
- Resurs nazorati — resurslar urushi xavfi.
Tabiiy resurslar inqirozi geoiqtisodiy qarama-qarshiliklar, davlatlararo ziddiyatlar, muhim ta’minot zanjirlarining uzilishi hamda yashash xarajatlari inqirozini keltirib chiqarishi mumkin.
Mazkur ssenariylarning har qaysisi o‘z afzalligiga ega bo‘lish bilan bir qatorda, ularning har qaysisida dunyo hamjamiyati atrof-muhit masalasida va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan muayyan qiyinchiliklarga duch kelishi ehtimoli mavjud.
WEF’ga ko‘ra, har bir riskka qarshi kurash yoki uning oldini olish o‘ziga xos va moslashtirilgan xatti-harakatlarni talab qilishiga qaramay, muayyan tamoyillarga amal qilish barcha turdagi risklarga tayyorlik darajasini oshirish imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan, global risklarning potensial oqibatlariga tayyor turishda quyidagi to‘rt tamoyilga amal qilish tavsiya etilgan:
- risklarni aniqlash va oldindan ko‘ra bilish qobiliyatini kuchaytirish;
- “kelajakdagi” risklarning bugungi qiymatini qayta kalibrlash;
- ko‘p tomonlama risklarga tayyorgarlik ko‘rishga investitsiya kiritish;
- tayyorgarlik va javob choralari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish.