Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida 20 fevral kuni yangi qurilayotgan bino ishchilari o‘rtasida ommaviy janjal yuz berdi. Bu haqda Milliy TV telekanalining «Millar» dasturida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Jizzax viloyatidan poytaxtga kelib ishlayotgan yigitlarning 2−3 nafari o‘rtasida kelishmovchilik sodir bo‘lgan. Ammo boshqalarning ham aralashuvi oqibatida vaziyat ommaviy tus olgan.

Janjal paytida tuman profilaktika inspektori yetib kelib, yigitlarni ajratmoqchi bo‘lgan, lekin ular xodimga qarshilik ko‘rsatgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi 21 fevral kuni holat yuzasidan ma’muriy ishni ko‘rib chiqdi. Bunda 28 kishining ishi sudda ko‘rildi, qolgan ishtirokchilarga nisbatan bezorilik holati bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Sud qarori bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi va 195-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish)da ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, yigitlarning 2 nafariga 15 va qolganlariga 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.