Prezident Shavkat Mirziyoyev tarmoq va sohalarda hamda hududlarda raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Yig‘ilishda davlat rahbari raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini yanada oshirish zarurligini, masalan, vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizigina raqamlashganini ta’kidladi.

Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ichki ishlar idoralarida 34 ta, adliya idoralarida 32 ta, «O‘zstandart»da 29 ta, sog‘liqni saqlashda 11 ta xizmat elektron shaklga o‘tkazilmagani qayd etildi.

Xususan, elektr energiyasi iste’molini nazorat qilish va hisobga olish avtomatlashtirilgan tizimining (EHNAT) 160 dan ortiq funksiyasi bo‘lsa-da, hozirda faqat 1−2 tasidan foydalanilyapti. Jumladan, tuman elektr tarmoqlari korxonalari qayerda avariya bo‘lganini faqat aholi murojaati orqali biladi.

Shu kabi masalalar tartibga solinmagani tanqid qilinib, mutasaddilarga EHNAT imkoniyatlarini to‘liq inventarizatsiya qilib, ularni hududlarning elektr balansini shakllantirish, noqonuniy ulanishlar va avariyalarni nazorat qilish, iste’molni rejalashtirish kabi yo‘nalishlarda ishlatish topshirildi.

«Misol uchun, ishga yoki o‘qishga kirish, haydovchilik guvohnomasini olishda kerak bo‘ladigan „086-shakl“ tibbiy ma’lumotnomani olish uchun odamlar har safar poliklinikaga murojaat qilishga majbur. Yoki yiliga 300 mingdan ziyod xaridor yangi mashina sotib oladi. Lekin ro‘yxatdan o‘tish va davlat raqami olish uchun haligacha yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga borish zarur», — deyiladi xabarda.

Prezident qolgan vazirliklarda ham raqamlashtirish bo‘yicha hali xalqni rozi qiladigan tizim to‘liq yaratilmaganini bildirdi. Sohada amalga oshirilgan ishlar yetarli emasligini, IT xizmatlar eksportini kelgusida 1 milliard dollargacha oshirish reja qilinganini qayd etdi.

Buning uchun:

  • kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT arxitektorlari, operatorlari va muhandislari kerakligi;
  • hududlarda yuqori tezlikdagi internet va mutaxassislar uchun shart-sharoitlarni kengaytirish lozimligi;
  • xorijiy IT kompaniyalar ko‘payishi uchun yanada qulay muhit yaratish zarurligi;
  • zamonaviy IT kasblarga o‘qitish tizimini yaratish kerakligi;
  • aholi va tadbirkorlar uchun eng zarur bo‘lgan kamida 200 ta yangi elektron xizmatlarni ishga tushirish shartligini ko‘rsatib o‘tdi.