Ijtimoiy tarmoqlarda Jinoyat kodeksining ikki moddasidagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, hibsga olingan bloger Abduqodir Mo‘minovning tergov vaqtida qiynab o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov «Gazeta.uz»ga Abduqodir Mo‘minovning vafoti haqidagi xabarlar feyk ekanligini ta’kidladi. «Mazkur xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. A.Mo‘minov tirik va sog‘lom», — deydi u.

Abduqodir Mo‘minovning sobiq advokati Bobir Mukadamovning Facebook sahifasida yozishicha, bloger ayni paytda soppa-sog‘.

«Tovba! Tirik, soppa-sog‘ odamni o‘ldiga chiqarishadiya. Hozir gaplashdim tergovchi bilan. Sog‘-salomat, kelib ko‘rib ketishingiz mumkin deyishdi», — deya ishontirdi u.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Abduqodir Mo‘minov uning xizmatlaridan voz kechgan. «Negadir hammaga shubha bilan qarayapti. O‘zimni maqtashmasu, men uni aniq himoya qila olgan bo‘lardim», — deydi Bobir Mukadamov.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining 2 moddasi bilan ayblanib, protsessual tartibda ushlangani haqida xabar bergandik.

IIV matbuot kotibiga ko‘ra, Toshkent shahri IIBBga fuqaro E.Z. ariza bilan murojaat qilib, blogerlik bilan shug‘ullanuvchi Abduqodir Mo‘minovning harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Murojaat asosida tekshiruv o‘tkazilgan.

Mo‘minov 2021 yil oktabr oyida tanqidiy videolavhalar tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali fuqaro E.Z.ning ukasi D.Yu.ning nomiga rasmiylashtirilgan MCHJ bilan bog‘liq holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB tergov bo‘limi ish yurituvidagi jinoyat ishini ijobiy hal etishga IIB xodimlarini go‘yoki majbur qila olishini aytib, shu orqali E.Z.ning ishonchiga kirgani aytilmoqda.

IIV ma’lumotida u o‘z xizmatlari uchun jami 10 000 dollar so‘rab, shundan 3800 dollarni oldindan olgani, lekin bergan va’dasini bajarmay, olgan pullarini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgani keltirilmoqda.

Bundan tashqari, 2021 yilning oktabr oyida bloger Jizzax viloyatida fuqaro A.T. bilan uchrashib, uning rahbarligi ostidagi tashkilot to‘g‘risida salbiy yo‘sinda videolavha tayyorlagani, bu materialni o‘zining «Ko‘zgu» nomli ijtimoiy tarmoq sahifasi orqali tarqatadigan bo‘lsa, tashkilot rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olinishini aytgani iddao qilinmoqda. Shuningdek, A.T.ni o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib, undan ushbu ma’lumotlarni sir saqlashi uchun 70 000 dollar so‘ragani vazirlik xabarida aytib o‘tilgan.

Fuqaro A.T. o‘z ko‘rsatuvlarining tasdig‘i sifatida A.Mo‘minov bilan o‘rtasidagi so‘zlashuvlar audioyozuvini taqdim etgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Holatlar yuzasidan unga nisbatan shahar IIBB tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik), 165-moddasi (Tovlamachilik) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil oxirida Abduqodir Mo‘minov noma’lum shaxslar tomonidan unga hujum uyushtirilgani, mashinasining old oynasi bita bilan sindirilgani haqida xabar bergandi. Shundan so‘ng Toshkent shahar IIBB blogerga qilingan hujum yuzasidan «bosqinchilik» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.