USM xolding asoschisi va eng yirik aksiyadori Alisher Usmonov Toshkentda Italiyaning TGcom24 telekanali jurnalistlariga intervyu berdi. Spot intervyudagi asosiy jihatlarga e’tibor qaratdi.

Milliarder so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotidagi tarkibiy o‘zgarishlarni qayd etdi. U 2016 yildan buyon o‘tgan davrni «buyuk kelajakka umid belgisi» deya ta’riflab, bunga misol qilib mamlakat sarmoyaviy ochilishi va keng ko‘lamli islohotlar dasturini ko‘rsatdi.

Shu vaqt ichida USM biznes tuzilmalari o‘zlarining asosiy yo‘nalishlariga — asosan telekommunikatsiya va IT sohalariga sarmoya kiritdi. Usmonov sanksiyalar bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekistonda ish va xayriya loyihalarini amalga oshirishda davom etish niyatida.

«O‘zbekistonga yordam berish, unga foyda keltirish uchun bor kuch-g‘ayrat va imkoniyatlarimni ishga solaman. Bu maqsad uchun men korporativ aktivlar boshqaruvidan ketdim va hatto ko‘plab loyihalarimda aksiyador sifatida ishtirokimni yakunladim», — dedi Usmonov.

Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqi uni oligarxlar qatorida tilga olishidan rozi emasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oligarxlar hokimiyat yordamida boylik orttirib, undan hukumatga ta’sir o‘tkazish uchun foydalanadi. O‘zbek millarderning aytishicha, u «sovg‘a olmagan» va barcha aktivlarni «bozor sharoitida» qo‘lga kiritgan.

Rossiya fuqaroligi va mol-mulki borligiga qaramay, Usmonov O‘zbekistonni o‘zi uchun asosiy manfaat deb hisoblaydi. U respublika Qozog‘iston bilan bir qatorda «Markaziy Osiyoning haqiqiy yetakchisiga» va «mintaqa taraqqiyotining lokomotiviga» aylanishiga ishonch bildirdi.

2022 yil fevral oyidan beri tadbirkor Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolmoqda, AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va Yaponiya ham unga qarshi sanksiyalar kiritgan. O‘z navbatida, rossiyalik milliarder YeI kengashining unga nisbatan sanksiyalar qo‘llash haqidagi qarorini bekor qilishni talab qilib, Yevropa sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

O‘zbekiston hukumati Yevropa Ittifoqidan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragan, chunki «cheklovlar tadbirkorning mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishiga to‘sqinlik qilmoqda».

Spiegel nashrining yozishicha, Germaniyaning Alisher Usmonovga nisbatan tergovi mamlakatning O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlarini yomonlashtirgan. Germaniyada tadbirkor Alisher Usmonov ustidan olib borilayotgan tergov Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni keskinlashtirdi, — deya xabar qilgan jurnal.

Eslatib o‘tamiz, Usmonov Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli Xalqaro qilichbozlik federatsiyasiga rahbarlikni «adolat tiklanmaguncha» to‘xtatib turishga qaror qilganini bildirgan. YeI hujjatida uning Qrim anneksiyasi va Ukrainadagi beqarorlik uchun mas’ul bo‘lgan Rossiya rasmiylarini qo‘llab-quvvatlagani aytilgan.