Statistika agentligi 2023 yil yanvar oyi uchun respublika tashqi savdosiga oid statistikani e’lon qildi. Iqtisodchi Otabek Bakirov undagi ayrim raqamlar, xususan, Germaniya importda birinchi raqamli hamkorga aylangani, yanvarda bu mamlakatdan import hajmi 490,8 mln dollarni tashkil etganiga e’tibor qaratdi.

«Yanvar oyi tashqi savdo statistikasining eng hayratli hodisasi, yo‘q, bu 1,2 mlrd dollarlik oltin eksporti emas. Bu Germaniya importda birinchi raqamli hamkorimizga aylangani. Yanvarda Germaniyadan importimiz hajmi 490,8 mln dollarni tashkil etgan va nemis do‘stlar hatto Rossiya va Xitoyni ham ortda qoldirgan. Xo‘sh, yanvarda Germaniyadan nima import qilgan bo‘lishimiz mumkin? Bunga ko‘p tanqidga uchraydigan statistikamiz javob bermaydi», — deydi iqtisodchi.

Shuningdek, Litva va Fransiyaning Top-10 savdo hamkorlar ro‘yxatiga kirgani qayd etilgan. Litvadan 105 mln dollarlik, Fransiyadan 73,5 mln dollarlik import amalga oshirilgan.

Otabek Bakirov, bundan tashqari, 2022 yilda eksport tarkibida juda katta hajm va ulushga ega bo‘lgan «Energiya generatori mashinalari va asbob-uskunalari» va «Sanoat va mashina qismlari uchun maxsus bo‘lmagan mashina va uskunalar» moddalari yo‘q bo‘lib qolgani haqida yozdi.

Agentlik munosabati

Statistika agentligi ushbu postdan keyin O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi va boshqa holatlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot e’lon qildi.

Importning asosiy qismini boshqa transport vositalari, xususan, samolyotlar egallagan. Yanvar oyida O‘zbekiston Germaniyadan qiymati 421,7 mln dollarga teng bo‘lgan 6 ta samolyot import qilgan. Qolgan 69,1 mln dollarga boshqa mahsulotlar importi amalga oshirilgan.

O‘zbekistonning Top-10 savdo hamkorlari ro‘yxatiga Litva va Fransiyaning kirishida ham asosiy omil mazkur ikki davlatdan samolyotlar sotib olinishida bo‘lgan. Yanvar oyida Litvadan 66,7 mln dollarga 4 dona va Fransiyadan qiymati 64,3 mln dollarga 1 dona samolyot import qilingan.

Agentlik yuqori hajmga ega bo‘lgan tovarlar guruhlari press-relizda e’lon qilinishi natijasida ayrim ulushi kichik yoki hajmi mavjud emas tovarlar guruhlari kiritilmasligini bildirdi.

Xususan, 2023 yil yanvar oyi uchun press-relizda eksport ko‘rsatkichlari qismida «Energiya generatori mashinalari va asbob-uskunalar» (3 mln dollar) va «Sanoat uchun maxsus bo‘lmagan mashinalar va ularning detallari» (5,3 mln dollar) tovarlar guruhlari o‘rniga «Elektr aloqasi, ovozni yozish va ovozni eshittirish apparaturalari va uskunalari» (9 mln dollar) hamda «Kanselyariya mashinalari va ma’lumotarni avtomatik ravishda qayta ishlash uchun asbob-uskunalar» (5,6 mln dollar) tovarlar guruhlari kiritilgan.

BMTning Xalqaro standartlashgan savdo tasniflagichiga (XSST) ko‘ra, samolyotlar «Boshqa transport uskunalari» bo‘limiga kiradi. 2023 yil yanvar oy uchun press-relizning import qismida «Boshqa transport uskunalari» hajmi 634,1 mln dollarni tashkil qilgan. Ushbu hajmning asosiy qismini 633,1 mln dollarga teng samolyotlar tashkil etgan.