Ijtimoiy tarmoqlarda Qonliko‘l tumani «Navro‘z» MFY hududidagi «Yangi O‘zbekiston» massividagi besh qavatli uyning zinasi qurilganidan keyin qulab tushgani ma’lum bo‘ldi. Tuman hokimiyati axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu zinalar «Taqiyatas Tau-Kita» temir-beton zavodi tomonidan tegishli shartnoma asosida yetkazib berilgan.

Qurilishga mas’ul «Imarat Qurilis konstruksiya» MCHJ rahbari Maqset Bekimbetovning aytishicha, ushbu binoda 2022 yil may oyida qurilish ishlari boshlangan. 2023 yil 3 fevral kuni binoning 3-qavatiga zinalar o‘rnatilgan. 7 fevral kuni ularda yoriq hosil bo‘lib, qulab tushgan.

«Bizga zinalarni yetkazib bergan korxona rahbarlarini chaqirib, holatni ko‘rsatdik. Shartnomalari bor. Pullari bank kreditlari orqali to‘langan. Boshqa pod’ezdlarga ham ushbu zinalar qo‘yilgan edi. Ko‘p vaqt o‘tmay, ular ham yorilishni boshladi. Ularni ham zavod mas’ullariga ko‘rsatib, olib tashladik. Ularni almashtirib, umumiy 9 zinani yangidan qurib beradigan bo‘ldi», — dedi Maqset Bekimbetov.

Voqea sabab jabrlanganlar yo‘q. Holat bo‘yicha prokuratura va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.