Prezident Vladimir Putin Rossiya Federal Majlisiga murojaati chog‘ida RF Strategik hujum qurollari bo‘yicha shartnomadagi ishtirokini to‘xtatayotganini ma’lum qildi.

U bu qarorni majburiy deb atadi, chunki Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, yadroviy davlatlar yadro qurolini yaratishda davom etmoqda.

«Qayta aytaman: shartnomadan chiqmayapti, balki aynan ishtirokini to‘xtatmoqda. Ammo muhokamaga qaytishdan oldin, Fransiya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar hali nimaga da’vo qilayotganini va ularning strategik arsenallarini, ya’ni alyansning (NATO — tahr.) umumiy zarba berish salohiyatini qanday hisobga olishimizni o‘zimiz tushunib olishimiz kerak», — dedi RF rahbari.

Bundan tashqari, Vladimir Putin Rossiyaning mas’ul idoralarini yadroviy sinovlarga tayyor turishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, u «Vashingtondagi ba’zi shaxslar» yadroviy qurol sinovlarini o‘tkazish haqida o‘ylayotgani haqida ma’lumotga ega.

«Rossiya Mudofaa vazirligi va „Rosatom“ Rossiya yadro qurolini sinovdan o‘tkazishga tayyorligini ta’minlashi kerak. Albatta, biz buni birinchi bo‘lib qilmaymiz, lekin agar Qo‘shma Shtatlar sinov o‘tkazsa, biz ham shunday qilamiz», — dedi Vladimir Putin.

Rossiya va AQSh o‘rtasidagi shartnomaning amaldagi talqini 2011 yilda imzolangan va 2021 yilda uzaytirilgan, muddati 2026 yilda tugaydi.