DXX hamda IIBB xodimlari Telegram kanallar orqali narkosavdo bilan shug‘ullangan 3 nafar shaxsni qo‘lga oldi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahar Yunusobod tumanida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan fuqaroni 3 nafar shaxs (2001−2005 yillarda tug‘ilganlar) ovloq joyda do‘pposlagan. Aniqlanishicha, bezorilik sodir etgan shaxslar va ulardan jabr ko‘rgan fuqaro ham aslida Telegram messenjerida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi kanal a’zosi bo‘lgan.

«Jabrlangan fuqaro kanal administratori topshirig‘iga ko‘ra, muqaddam belgilangan joyga yashirib ketilgan ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositasini mayda qismlarga bo‘lib, xaridorlarga yetkazib berish o‘rniga o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib olgan. Uni boshqa internet kanal orqali sotishni rejalashtirgan. Xiyonat qilgan odami narkotik moddani boshqa joyda sotmoqchi ekanini bilgan kanal admini yollanma 3 kishini uning ortidan jo‘natgan», — deyiladi xabarda.

Hozirga qadar bu kabi egasini aldab, narkotiklarni o‘zlashtirib olgan ko‘plab «zakladchik»lar 17 nafar shaxs tomonidan ayovsiz kaltaklangan va bu jarayon tasvirga olinib, topshiriq bajarilgani hisoboti tariqasida kanalga joylashtirilgan. Jazolash bilan shug‘ullanuvchilar 1995−2005 yillarda tug‘ilgan shaxslar hisoblanadi. Kanal administratori har bir topshiriq uchun ularga 300−500 AQSh dollari miqdorida pul bergani aytilmoqda.

2022 yilning oktabr, noyabr hamda 2023 yilning yanvar, fevral oylarida ushbu 20 nafar shaxs qo‘lga olingan, deyiladi xabarda. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. Ushlangan shaxslar tergov qilinmoqda.