Yer usti metro yo‘nalishi estakadasi ostidagi hududlarda jami 2700 o‘rinli avtoturargohlar tashkil etiladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda «Toshkent metropoliteni» DUK harakat xizmati rahbari Sulton Qodirov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, prezident 2021 yil 16 oktabrdagi «Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ 5260-sonli] qarori asosida metropoliten bekatlarida savdo shoxobchalari faoliyati tiklanadi.

Hozirda «Novza» metro bekatining piyodalar o‘tish yo‘lagida tajriba-sinov tariqasida savdo shoxobchalarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahar Yashnobod tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi estakadasi ostidagi (umumiy yer maydoni 2,9 gektar) hududda 1200 o‘rinli beshta avtoturargoh hamda Sergeli tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi (umumiy yer maydoni 3,37 gektar) hududida 1500 o‘rinli yettita avtoturargoh, jami bo‘lib 2700 o‘rinli avtoturargoh tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, qayd etilgan rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirilishi natijasida jami 1700 ta yangi ishchi o‘rinlari ham yaratilishi qayd etilgan.