Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonov 21 fevral kuni poytaxt hududidan 7 ta viloyat hokimliklariga mehmonxona qurish uchun yer ajratish bo‘yicha qarorlar chiqardi.

Unga ko‘ra, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarining har biriga mehmonxona qurish uchun Mirzo Ulug‘bek tumani «Chingeldi» MFY hududida joylashgan aholi punkti yerlaridan 0,32 gektar maydon ajratiladi.

Ushbu qaror «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunining 10-moddasiga hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan «Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishgaajratishning ma’muriy reglamenti»ga muvofiq hamda prezident qarorini inobatga olgan holda qabul qilingani keltirib o‘tilgan.

Ma’lumot uchun, ajratilishi belgilangan ushbu «Chingeldi» mahallasi avval Toshkent viloyati Qibray tumaniga qarashli bo‘lgan, 2021 yil may oyida 20 ta mahalla qatorida Toshkent shahri tarkibiga o‘tkazilgan.