O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida yangi tayinlovlar amalga oshirildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Xususan, Umid Madaminov va Ahadbek Haydarov qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari lavozimilariga tayinlandi. Ahadbek Haydarov 2019 yilda moliya vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Bahrom Sharipov Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. U 2017 yildan 2022 yilgacha «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.

тайинлов, qishloq xo‘jaligi vazirligi
Foto: «O‘zbekipaksanoat»

Ibrohim Ergashev Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. U 2016−2017 yillarda «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazma majmuasini boshqargan. 2017 yilning dekabrida Vazirlar Mahkamasi qoshidagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

тайинлов, qishloq xo‘jaligi vazirligi
Foto: «O‘zekspomarkaz»

Husniddin Karimov Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. U bungacha vazirlik huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori sifatida faoliyat yuritgan. Ungacha Fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi o‘rinbosari va Respublika sarimsoqpiyozchilar uyushmasi raisi lavozimida ishlagan.

Shuningdek, Abrol Vaxabov Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U bunga qadar bosh vazir maslahatchisi lavozimida ishlagan.
тайинлов, qishloq xo‘jaligi vazirligi
Foto: agro.uz