20 fevral kuni Qozog‘istonning Chimkent viloyatida otishma yuz berdi. Hozirda hujumni uyushtirgan shaxs qo‘lga olingan, deb xabar bermoqda Tengrinews.kz.

Tarqalgan videolarda Chimkent ko‘chalarida erkak qurollangan holda yugurayotgani va odamlar undan qochayotganini ko‘rish mumkin. Lavhada, shuningdek, o‘q va qichqiriq ovozi ham eshitilgan.

Keyinroq erkak politsiya mashinasini ko‘rib qolib, o‘sha tomonga borgan. Politsiya xodimlari bir muddat o‘tib, hujum uyushtirgan shaxsni qo‘lga olgan.

IIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, soat 14:40 atrofida Ilyayev-Risqulbekov ko‘chalari chorrahasida joylashgan qurol-yarog‘ do‘konida ogohlantirish signali chalingan. Xavfsizlik xizmati xodimlari voqea joyiga yetib borgan. Ichkarida noma’lum qurollangan erkak va xodimlar o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan. Oqibatda qo‘riqchilardan biri jarohatlangan. Voqea joyidan qochishga uringan shaxsni yordamga kelgan patrul politsiyasi xodimlari va Turon tumani IIB vakillari qo‘lga olgan.

«Bu shaxs Chimkent shahrida ijaradagi kvartirada yashovchi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib chiqdi. Tergov davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari ov miltig‘i va o‘g‘irlangan „Sayg‘oq“ karabini [qisqa stvolli ov miltig‘i]ni qo‘lga kiritdi», — deyiladi IIV xabarida.

Hozirda voqea joyida tergov guruhi ish olib bormoqda.