Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi poytaxtda joylashgan turizm namoyishi obyektlariga tashrif buyuruvchi xorijiy va mahalliy sayyohlar xavfsizligini ta’minlashda jamoatchi yordamchi sifatida ko‘ngillilar (volontyor)ni hamkorlikka taklif qildi. Bu haqda bosh boshqarma axborot xizmati xabar bermoqda.

Bunda ko‘ngillilar Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlariga turizm namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida sayyohlar xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashda ko‘maklashishi nazarda tutilgan.

Jamoatchi yordamchi sifatida quyidagilar jalb qilinadi:

  • o‘n sakkiz yoshdan qirq besh yoshgacha bo‘lganlar;
  • sog‘ligining holati va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishga qodir;
  • muqaddam sudlanmagan;
  • ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turmagan;
  • xorijiy, ustuvor ravishda ingliz va rus tillarini biladigan;
  • yashash va o‘qish joyi bo‘yicha ijobiy tavsiflangan ko‘ngillilar.

IIBB yuqorida sanab o‘tilgan talablarga javob beruvchi fuqarolar +99899 010 92 42 va +99891 913 14 49 raqamlariga murojaat etishi mumkinligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Toshkent shahri IIBB xodimlari poytaxtdagi mehmonxonalarda tongi soat 5:00 dan boshlab dam olayotganlarni uyg‘otib, hujjatlarini tekshirgandi. IIV bu holatni «dunyoda odatiy va to‘g‘ri qabul qilinadi», deya izohlagan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov «Gazeta.uz» so‘roviga asosan, holat yuzasidan munosabat bildirgan. Uning ta’kidlashicha, fuqarolarning shaxsini aniqlash va tekshirish kabi tadbirlar oldindan belgilangan maxsus rejalar asosida xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda tezkor-profilaktik mazmundagi ishlar jarayonida amalga oshiriladi.