Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi yosh bolaning qo‘lidan ushlab tortgani va bola undan qochib ketgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

19 fevral kuni taxminan soat 12:35 atrofida tumanning Aviasozlar-2 dahasidagi 151-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida noma’lum shaxs shu maktab o‘quvchisi — 2011 yilda tug‘ilgan M.O.ni to‘xtatgan.

Qo‘lidan ushlab, shu maktabda o‘qish-o‘qimasligini so‘ragan. Voyaga yetmagan M.O. bu shaxsni tanimagani sababli u bilan gaplashmasligini bildirib, qo‘yib yuborishini aytgan, so‘ng uyiga ketgan.

«Bola hozirda ota-onasining yonida sog‘-salomat holatda. Mazkur holat yuzasidan tuman IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda», — deyiladi xabarda.

O‘rganishlar jarayonida videoda aks etgan shaxs 1994 yilda tug‘ilgan M.U. ekani aniqlandi. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevral oyida poytaxtda maktabdan qaytayotgan bolalarni noma’lum shaxslar o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘lgani aytilgan videoxabar tarqalgandi. Ammo keyinroq IIV holatga aniqlik kiritgan va xabarlar asossiz ekanini bildirgan.