Ushbu ish haftasi davomida O‘zbekiston hududi iliq havo massasi ta’siri ostida bo‘ladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet. Harorat foni nisbatan tekis bo‘ladi. Harorat asosan kechalari +2…+7, kunduz kunlari +13…+18, ayrim kunlarda +20…+22 darajagacha ilishi mumkin.

Haftaning katta qismida O‘zbekiston hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 22 fevral chorshanba kuni respublika bo‘yicha ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi, shimoliy hududlar, eng chekka janub va Farg‘ona vodiysida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ayrim joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi.

Poytaxtda 20−24 fevral kunlari havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 22 fevralda kunning ikkinchi yarmida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shamol sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat asosan kechalari +3…+6, kunduz kunlari +16…+20, 22 fevralda +14…+15 darajagacha iliq bo‘ladi.

Juma kuni respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga Rossiyaning Yevropa qismi ustida shakllangan sovuq va nam havo massasi kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 24 fevral kuni ba’zi joylarda yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, kunduzgi harorat 3−6 daraja iliqqacha pasayadi. Buxoro, Navoiy viloyatlarining ba’zi joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Dam olish kunlari sovuq va nam havo massasining kirib kelishi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi.