Oliy ta’lim vaziri Ibrohim Abdurahmonov barcha OTM rektorlariga talabalarni jinoyatchilikka moyil, yot g‘oyalar ta’siriga tushish arafasida va qoidalarga rioya etmaydigan kabi guruhlarga ajratish topshirig‘ini bergani xabar qilingandi. Vazirlik holat yuzasidan munosabat bildirdi.

«Shoshilinch» yorlig‘i bilan yuborilgan axborotda talabalarni 3 guruhga ajratish vazifasi yuklatilgandi. Vazir tomonidan o‘tkazilgan majlisda OTMlarga berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha sifatli ma’lumotlarni 3 kunda yuborish so‘ralgan.

Vazirlik holatga izoh berar ekan, rektorlar bilan muntazam ravishda onlayn yig‘ilishlar o‘tkazib turilishini, OTM va filiallar rahbarlariga jo‘natilgan xat ham aynan yig‘ilishda bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib berilgan topshiriqligini va ular OTMlar ichki tartib-qoidalariga aloqadorligini ma’lum qildi.

«OTM tartib-qoidalariga amal qilmaydigan yoki buzgan talabalar ro‘yxatini tuzishdan maqsad talabalarning ma’naviy-moddiy muammolarini bartaraf etish, iqtidorini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, talabalarning vaqti va imkoniyatlarini bilim olishga yo‘naltirish, talabalar va murabbiylar orasida do‘stlik muhitini yaratishdir», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, xatda OTM rahbarlari va professor-o‘qituvchilar alohida e’tibor talab etiladigan talabalar bilan individual ishlashlari nazarda tutilgan. Bunda vazirlik rahbarlarining ham talabalar bilan muloqotlari yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, «oliy ta’lim muassasalarida elektr energiya bilan ta’minlaydigan quyosh panellarini o‘z mablag‘lari hisobidan o‘rnatish ishlarini amalga oshirishni tizimli boshlash» bo‘yicha topshiriq ham keltirilgan. Vazirlikka ko‘ra, topshiriq hozirgi kundagi global muammo — energiya taqchilligi masalasi ijobiy hal etilib, talabalarning qulay o‘qib, dam olishlari uchun sharoit yaratishga qaratilgan.

«Yana bir topshiriqda tizim to‘g‘risida berilayotgan fikrlar, sohadagi yutuq va kamchiliklar haqida xolis fikr bildirish maqsadida talabalarni OAVda yanada faolroq bo‘lishga chaqirish, hodisa va voqelikka bir tomonlama qarashning oldini olish yuzasidan tushuntirishlar olib borish maqsad qilingan. Bunda tizim sha’nini himoya qilish deganda, albatta, faqat ijobiy emas, balki xolis, asoslangan tanqidiy fikrni ilgari surish ham tushuniladi», — deyiladi vazirlik izohida.

Xabarda aytilishicha, «Yoshlar o‘rtasida paydo bo‘layotgan yomon illatlardan ogoh qilish maqsadida ta’sirchan qisqa hikoyalar nashr qilish nazarda tutilsin» degan topshiriq ham kontekstdan uzib olingan. Vazirlik tomonidan hozirda shunday hikoyalar to‘plami nashr etishga tayyorlandi va ularni OTMlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va kanallarida e’lon qilinishi nazarda tutilgan.

««Sharaf kodeksi»ga keladigan bo‘lsak, bu har bir OTM talabalari va o‘qituvchilarini birlashtiruvchi ramzlarni, qadriyatlarni ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlarga undovchi yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha takliflar tayyorlash nazarda tutilgan. Ushbu kodeks talabalar, pedagoglar, professorlar va bitiruvchilarni o‘z oliy ta’lim muassasalaridan g‘ururlanishlariga, maslakdosh bo‘lishlariga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, vazirlik tizimning Ta’lim va fan kengashi hamda Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini boshlashini ma’lum qildi.