2023 yilning 1 martidan 1 iyuniga qadar Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar markazida «Monedan Kandinskiygacha. San’atdagi inqilob» nomli yangi ko‘rgazma tashkil etadi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lum qildi.

Ko‘rgazmada XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi impressionizm, puantalizm, postimpressionizm, kubizm va ekspressionizm kabi eng e’tiborga molik badiiy oqimlar taqdim etiladi.

ko‘rgazma

Tashrif buyuruvchilar modernizmning 9 nafar namoyandalari — Klod Mone, Jorj Syora, Vinsent van Gog, Edvard Munk, Pol Sezann, Xuan Gris, Rober Delone, Paul Kleye va Vasiliy Kandinskiyning asarlarini tomosha qiladi.

«Ko‘rgazma o‘zida yuqori tiniqlikdagi tasvirlar, harakatlanuvchi surat hamda mumtoz musiqani uyg‘unlashtiradi. Ko‘p axborot tarmoqli shakl modernistlarning rangtasvir va musiqani mujassam etgan orzusini ro‘yobga chiqardi», — deyiladi xabarda.

ko‘rgazma

Kuni kecha «O‘zekspomarkaz»da gollandiyalik mashhur postimpressionist rassomning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Van Gog bo‘lmoq» multimedia ko‘rgazmasi yakunlandi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etgan ko‘rgazma uch oy davom etdi.