17 fevral kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «M.T.» MCHJga ijaraga berilgan 5000 kvadrat metr hududdagi 35 tup daraxt noqonuniy kesib tashlangani aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Daraxtlarning «maxsus qasddan nobud qilingani» oqibatida o‘simlik dunyosiga 196 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

бош prokuratura, мирзо улуғбек tumani, noqonuniy daraxt kesish

O‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, tumani prokuraturasi tomonidan holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 2022 yilda daraxt va butalarni noqonuniy kesish bo‘yicha 4599 ta holat aniqlangan. Taqqoslash uchun, 2021 yilda 8243 ta qoidabuzarlik qayd etilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar 10 mlrd so‘mga baholanmoqda. Qurilish maydonchalarida to‘siqlar bilan o‘ralgan 24 ming daraxt xavf ostida qolmoqda.