17 fevral kuni JIB Bektemir tumani sudida «qasddan odam o‘ldirish» jinoyatini sodir etgan shaxsga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati

Qayd etilishicha, voqea 2022 yilning 1 noyabr kuni soat 19:00 larda Bektemir tumanida yuz bergan. Ayol Telegram mesenjeri orqali yaqin dugonasiga boshqa bir erkak bilan ko‘rishganini, u bilan jinsiy aloqada bo‘lganini yozib qoldirgan. Bu gaplarga chiday olmagan erkak qizlik uyiga qaytgan xotinining ota-onasinikiga oshxona pichog‘i bilan qurollanib borgan. Erkak qo‘shni devordan oshib, xotini yotgan xonaga kirgan va marhumaning tanasiga 19 marotaba pichoq bilan urgan. Shundan so‘ng voqea joyini tark etib, ichki ishlar xodimiga bo‘lgan voqeani aytib bergan va o‘zini topshirgan. Ayol olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.

«Baxtli yashashni xohlaganman, xotinimning bunaqa yo‘l tutishi menga juda yomon ta’sir qildi. Ishongandim unga, borimni bergan odamdan bunaqa vaziyatni kutmagandim. Orqamda ikki nafar voyaga yetmagan farzandim bor, o‘shalar uchun yashayman. Shuni inobatga olishingizni so‘rayman», — degan erkak sud zalida.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-modda, 1- qismida nazarda tutilgan (qasddan odam o‘ldirish) jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 10 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Avvalroq, 2022 yilning yozida bog‘chada o‘z xotinini bolalarning ko‘z o‘ngida kaltaklab, ertasiga uni o‘ldirgan erkak 19 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida exabar qilingan edi.